Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va FIA o‘rtasida yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha hamkorlik qilinadi
10:05 / 2025-12-11

Xabaringiz bor, shu kunlarda poytaxtimizda Xalqaro avtomobil federatsiyasining (FIA) Bosh assambleyasi haftaligi bo‘lib o‘tmoqda.

Toshkent shahar IIBBda Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) delegatsiyasi hamda vazirlik idora rahbarlari ishtirokida yo‘l harakati xavfsizligini takomillashtirishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sport bo‘yicha vakili Odil Abdurahmonov, sport vaziri Adham Ikromov, ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbay Omarov hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbar o‘rinbosarlari va mutaxassislar ishtirok etdi. Shuningdek, tadbirda FIA tashkilotining avtomobil mobilligi va turizm bo‘yicha vitse-prezidenti Tim Shirman, FIA Bosh kotibi Villem Gryunevald qatnashdi.

Uchrashuv davomida mehmonlarga mamlakatimizda avtomobil sohasi, yo‘l infratuzilmasi yo‘nalishlarida, shuningdek avtosport turlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.

Mehmonlarga yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida qo‘llaniladigan maxsus texnika va transport vositalari hamda axborot tizimlari imkoniyatlari namoyish etildi.

Tadbirda FIA bilan yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, yo‘llarda tirbandliklarni kamaytirish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish yo‘nalishlarida o‘zaro ilg‘or tajribalar almashish yuzasidan fikr almashildi.

Shu bilan birga, uchrashuv davomida ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish va amaliyotga tatbiq etish maqsadida FIA bilan hamkorlikda "yo‘l xaritasi" ishlab chiqish, tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib olindi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA