Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasining Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston bo‘yicha maxsus vakili Fara Karimiy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda bugungi kunda parlament diplomatiyasining roli sezilarli darajada oshgani qayd etildi. Tomonlar ikki va ko‘p tomonlama parlament muloqoti xalqaro maydonda o‘zaro anglashuv va ishonchni mustahkamlash, jahon hamjamiyati sa’y-harakatlarini mintaqaviy va global muammolarga qaratishga hissa qo‘shishi mumkinligini ta’kidladi.
Shuningdek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli siyosiy va iqtisodiy islohotlar, yangilangan tashqi siyosat samarasida mamlakatimizning EXHT va uning istitutlari bilan o‘zaro hamkorligi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi.
Tomonlar atrof-muhit, ekologiyani muhofaza qilish, suv resurslaridan oqilona foydalanish sohasida o‘zaro hamkorlik holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.
Markaziy Osiyoda ekologiya va suv resurslari bir-biriga chambarchas bog‘liqligini inobatga olgan holda bu boradagi dolzarb masalalarni hal etishda mintaqaviy yondashuv muhimligi qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, EXHT PA vakillari O‘zbekiston va Qozog‘iston delegatsiyasining “Markaziy Osiyoda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish” maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish bo‘yicha qo‘shma tashabbusi muhimligini qayd etdi. Hujjatda mintaqadagi dolzarb muammolarni hal etish bo‘yicha samarali choralarni qabul qilishga xalqaro tashkilotlar salohiyatini jalb qilish bo‘yicha aniq tavsiyalar keltirilgan.
Suhbat chog‘ida EXHT PA delegatsiyasi a’zolari O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining amalga oshirilishi, barcha darajadagi vakillik hokimiyati organlarining rolini oshirish, shuningdek, atrof-muhit va suv resurslaridan oqilona foydalanish sohasidagi muammolarni hal etishda O‘zbekiston tomonining fikrlari bilan batafsil tanishdi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar EXHT PA doirasida izchil muloqot va faol aloqalarni rivojlantirishga kelishib oldi.
Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA