O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori Ibrohim Ergashev Eron Islom Respublikasiga tashrif buyurib, mamlakatning O‘simliklar karantini xizmati rahbari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralarda O‘zbekistonning to‘rt turdagi mahsuloti — limon, uzum, o‘rik va gilosni Eronga eksport qilishni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi. Ta’kidlanishicha, ushbu mahsulotlar bo‘yicha fitosanitar xavf tahlili yakuniy bosqichga yetgan bo‘lib, ruxsatnoma berish jarayoni tez orada yakunlanishi kutilmoqda.
Shuningdek, uchrashuvda oziq-ovqat xavfsizligi masalalari ham muhim mavzu sifatida ko‘tarildi. Tomonlar O‘zbekiston fitosanitar talablariga javob beruvchi kartoshka mahsulotini Eron hududidan import qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, import hajmi 100 mingdan 200 ming tonnagacha yetishi mumkin. Eron hukumati esa kartoshka import qiluvchi kompaniyalar uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash dasturini ishlab chiqish niyatida ekanini bildirdi.
Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti va importi bo‘yicha yuzaga kelayotgan masalalarni tezkor hal etish maqsadida muntazam onlayn uchrashuvlar tashkil etib borishga kelishib olindi.
Bundan tashqari, tomonlar o‘simliklar karantini va himoyasi yo‘nalishidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, milliy axborot tizimlarini integratsiya qilish, fitosanitar sertifikatlarni onlayn tarzda almashish mexanizmini joriy etish va bu borada "yo‘l xaritasi" ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Mazkur uchrashuv ikki mamlakat o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi sohasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish hamda o‘zaro savdo hajmini oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Hamroz Bayanov, O‘zA