Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Buyuk Britaniya: siyosiy-diplomatik muloqot kengaytiriladi
09:25 / 2023-09-27

Buyuk Britaniya O‘zbekistonga UK GSP Enhanced Framework Umumiy imtiyozlar tizimi bo‘yicha benefitsiar mamlakat maqomini taqdim qilgan. Ushbu tizim bo‘yicha o‘zbek tovarlariga imtiyozlar 2021 yil 1 noyabrdan boshlab qo‘llanilmoqda. Natijada 2022 yilda O‘zbekistondan Buyuk Britaniyaga eksport hajmi 35 foizga oshdi.

Imtiyozlar tizimining barcha afzalliklaridan samarali foydalanish savdo-iqtisodiy aloqalarni hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Bu Oliy Majlis Senati raisi birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyevning Parlamentlararo Ittifoqdagi Britaniya guruhi raisi Karen Bredli boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvida qayd etildi.

O‘zbekiston va Buyuk Britaniya siyosiy-diplomatik muloqotini kengaytirish, parlament diplomatiyasini faollashtirish, xalqaro maydonda konstruktiv hamkorlikni davom ettirish xamda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va tovar ayirboshlash hajmini oshirish yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekistonning yaqin kelajakda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar ham muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Buyuk Britaniyaning yirik korporatsiya va kompaniyalarini mamlakatda tog‘-kon sanoati, neft-gaz, telekommunikatsiya, infratuzilma, fintech, farmatsevtika va ta’lim kabi sohalarda loyihalarni amalga oshirishidan manfaatdor.

Tomonlar O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalar izchil rivojlanayotgani qayd etib, o‘zaro aloqalar va yaqin muloqotni mustahkamlash uchun ikki mamlakat parlamentlari a’zolarining tashriflarini faollashtirish zarurligiga e’tibor qaratdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.

N.Abduraimova, O‘zA