Jahon iqtisodiyotidagi o‘zgarishlar, yangi investitsiya oqimlari va infratuzilma loyihalari mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada faollashtirishni talab etmoqda. Shu nuqtai nazardan mamlakatimizning yetakchi xalqaro sheriklar bilan amaliy muloqotlari izchil davom ettirilmoqda.
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov va Buyuk Britaniyaning Ozarbayjon hamda Markaziy Osiyo bo‘yicha savdo vakili Lord Jon Olderdeys o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuv ham ana shunday muloqotlardan biridir. Unda vazirlik rahbariyati vakillari, shuningdek, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda qator xalqaro moliyaviy va muhandislik kompaniyalari mutaxassislari ishtirok etdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarning bugungi holati, ularni yanada rivojlantirish imkoniyatlari va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqildi. Mamlakatimizda keyingi yillarda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar, investitsiya muhitini yaxshilash, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, transport va logistika infratuzilmasini takomillashtirish, temir yo‘l va avtomobil yo‘llari qurilishi, aeroportlarni modernizatsiya qilish, energetika tarmog‘ida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalarni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Shunga ko‘ra, tadbirda mazkur yo‘nalishlar, davlat korxonalari va banklarini transformatsiya qilish, xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish hamda milliy kompaniyalarni xalqaro kapital bozorlariga chiqarish masalalari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida Britaniyaning “ArupInternational Projects LTD” kompaniyasi tomonidan Samarqand viloyati Chelak shaharchasi markaziy ko‘chasini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan master reja konsepsiyasi ijobiy baholandi. Tomonlar bunday loyihalar hududlarning barqaror rivojlanishiga xizmat qilishini ta’kidladi.
Muloqot yakunida vazirlik va mazkur kompaniya o‘rtasida hududlarni kompleks rivojlantirish, muhandislik va transport infratuzilmasini takomillashtirish hamda mutaxassislar salohiyatini oshirishga qaratilgan hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi. Tomonlar kelgusida o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada mustahkamlash va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA