Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Buyuk Britaniya iqtisodiy hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda
10:38 / 2026-02-19

Saudiya Arabistonida o‘tkazilayotgan nufuzli “Makkah Halal Forum” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Buyuk Britaniya Musulmonlar savdo forumi tashkiloti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Mazkur muhim hujjatni O‘zbekiston SSP raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Qurbonov va Britaniya tashkiloti raisi Iqbol Sakroniy rasmiylashtirdi. Ushbu kelishuv ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, biznes muhitini jonlantirish hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etishning aniq mexanizmini belgilab beradi.

Memorandum doirasida o‘zaro savdo delegatsiyalari tashriflarini uyushtirish, iqtisodiy ko‘rsatkich va statistik ma’lumotlar almashish, shuningdek birgalikda yirik yarmarka va ko‘rgazmalar tashkil etish maqsad qilingan. Shu bilan birga texnik ekspertiza va ta’lim sohasidagi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali kadrlar salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Islomiy turizmni rivojlantirish, milliy zargarlik sanoatiga xorij sarmoyasini jalb qilish, mahalliy mineral o‘g‘itlar eksportini ko‘paytirish va zamonaviy konsalting xizmatini yo‘lga qo‘yish ustuvor yo‘nalishlar etib belgilandi. Bu tashabbus O‘zbekiston va Buyuk Britaniya biznes hamjamiyati uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochish barobarida iqtisodiy munosabatlarni sifat jihatidan yangi pog‘onaga ko‘tarishi shubhasiz.

F.Yaxshiboyeva, O‘zA