Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Buyuk Britaniya hamkorligi kengaymoqda
21:18 / 2026-02-26

Bugun Londonda O‘zbekiston delegatsiyasi Buyuk Britaniya sarmoyalar bo‘yicha davlat vaziri Lord Jeyson Stokvud bilan uchrashdi. Tomonlar sanoat, energetika, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, muhim foydali qazilmalar, sog‘liqni saqlash va raqamli texnologiyalar sohalaridagi hamkorlik imkoniyatini tahlil qildilar.

Sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik to‘g‘risida Anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat O‘zbekistonda farmatsevtika ishlab chiqarish quvvatini oshirishga asos yaratadi. Bunday tashabbuslar ikki davlat orasida barqaror iqtisodiy o‘sish va mas’uliyatli sheriklikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, “Standard Chartered” banki bosh direktori Saif Malik bilan yirik sanoat loyihalarini moliyalashtirish, “yashil” energetika tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiyotning real sektori bilan aloqalarni mustahkamlash muhokamasiga alohida e’tibor qaratildi. Qayta tiklanadigan energetika, infratuzilma va barqaror moliyalashtirish mavzulari ham ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari “Benoy” kompaniyasi bosh direktori Tom Kartleyj bilan zamonaviy shaharsozlik loyihalari, Yangi Toshkent qurilishi, hududlarni rejalashtirish hamda transport va turizm infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha muzokara olib borildi. O‘zaro qo‘shma tashabbuslar hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi bir ovozdan ma’qullandi.

F. Yaxshiboyeva, O‘zA