Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va BMT: Milliy tashabbuslar — global qarorlar
10:42 / 2026-03-02

2-mart – O‘zbekiston BMTga a’zo bo‘lgan kun. Ushbu sananing mamlakatimiz hayotidagi ahamiyati qanday?

Barqaror rivojlanish markazi bo‘lim boshlig‘i Jahongir Isayev bu haqda O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:

–  1992-yil 2-mart kuni O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘lib, mustaqil davlat sifatida xalqaro munosabatlar tizimida o‘zining suveren va teng huquqli maqomini mustahkamladi. Bu sana mamlakatimiz davlatchiligi uchun huquqiy e’tirofgina emas, balki yangi taraqqiyot yo‘lini tanlagan xalqning strategik qarorini anglatdi.

Bugun ushbu sana Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosat falsafasi bilan chambarchas bog‘liq. Agar 1992-yildagi a’zolik xalqaro huquqiy tan olishni anglatgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda u — global jarayonlarga ta’sir ko‘rsatayotgan, tashabbus ilgari surayotgan va qarorlar qabul qilinishiga ta’sir etuvchi davlat maqomini ifoda etmoqda.

Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy tamoyillari — ochiqlik, konstruktivlik, pragmatizm va o‘zaro manfaatli hamkorlik. Bu yondashuv BMT Nizomida mustahkamlangan suveren tenglik, tinchlikparvarlik va xalqaro hamkorlik tamoyillari bilan uyg‘un.

Qisqa vaqt mobaynida  mamlakatimiz BMT tizimidagi yetakchi institutlar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. BMTning Taraqqiyot dasturi davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish jarayonlarida ishtirok etmoqda. YUNISEF bolalar huquqlari va inklyuziv ta’limni rivojlantirishda muhim sherik hisoblanadi. YUNESKO bilan hamkorlik milliy madaniy merosimizni jahon miqyosida e’tirof ettirishga xizmat qilmoqda. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan amalga oshirilayotgan dasturlar esa sog‘liqni saqlash tizimini xalqaro standartlarga yaqinlashtirmoqda.

Bu hamkorlik Yangi O‘zbekiston islohotlarining xalqaro miqyosda qo‘llab-quvvatlanayotganini ko‘rsatadi.

Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining eng muhim yutuqlaridan biri Markaziy Osiyoda yangi siyosiy muhitni shakllantirishdir. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasida ilgari surgan tashabbusi asosida 2018-yilda Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash to‘g‘risidagi rezolyutsiya qabul qilindi.

Bu hujjat mintaqa davlatlari o‘rtasida ishonchni kuchaytirishga huquqiy asos yaratdi. Chegara masalalari bosqichma-bosqich hal etildi, savdo aylanmasi oshdi, transport-logistika aloqalari faollashdi. Markaziy Osiyo bugun global siyosatda “muammoli hudud” sifatida emas, balki “hamkorlik va ishonch makoni”, konstruktiv hamkorlik namunasi sifatida tilga olinmoqda.

Bu  Yangi O‘zbekiston diplomatiyasining amaliy natijasidir.

2021-yilda BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston rahbari tashabbusi bilan Orolbo‘yi hududini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi.

Ushbu qaror mintaqaviy ekologik inqirozni global darajada e’tirof etish va xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirishga xizmat qildi. BMTning Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik ishonch jamg‘armasi doirasida Orolbo‘yi uchun alohida moliyaviy mexanizm ishga tushirildi.

Xalqaro moliyaviy institutlar va donor tashkilotlar ishtirokida qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Cho‘llanishga qarshi kurashish, yashil hududlarni barpo etish, suv resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalar, “yashil” iqtisodiyot elementlari joriy etilmoqda, aholi bandligini ta’minlashga oid  loyihalar amalga oshirilmoqda.

Orolbo‘yidagi yer maydonlarida saksovul va boshqa cho‘lga chidamli o‘simliklar ekilishi nafaqat ekologik barqarorlik, balki aholi salomatligi va ijtimoiy sharoitini yaxshilashga ham xizmat qilmoqda.

Bu – Yangi O‘zbekistonning ekologik adolat va iqlim barqarorligi borasidagi faol pozitsiyasini namoyon etib, ekologik mas’uliyatli davlat sifatidagi siyosati xalqaro darajada qo‘llab-quvvatlanayotganini anglatadi.

Yangi O‘zbekiston yoshlarni strategik resurs sifatida ko‘radi. O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT doirasida yoshlar huquqlari va ma’rifat hamda diniy bag‘rikenglikka bag‘ishlangan rezolyutsiyalar ham qabul qilindi. Bu hujjatlar global miqyosda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish va ekstremizmga qarshi ma’rifiy yondashuvni ilgari surishga qaratilgan.

Mamlakatimizda yoshlar uchun ta’lim imkoniyatlarining kengayishi, yangi universitetlar ochilishi, xalqaro ta’lim dasturlari joriy etilishi mazkur tashabbuslarning amaliy ifodasidir.

Yangi O‘zbekiston inson kapitaliga sarmoya kiritish orqali barqaror taraqqiyotga erishishni maqsad qilgan.

BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari milliy taraqqiyot dasturlari bilan uyg‘unlashtirildi. Qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini oshirish, suv resurslarini samarali boshqarish va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha ilgari surilgan takliflar xalqaro maydonda qo‘llab-quvvatlanmoqda.

So‘nggi yillarda mamlakatda quyosh va shamol elektr stansiyalari qurilishi jadallashdi, “yashil” iqtisodiyot ulushini oshirish bo‘yicha strategiya qabul qilinib, qayta tiklanadigan energiya loyihalari amalga oshirilmoqda.  

Bu tashabbuslar global iqlim siyosatining ajralmas qismiga aylanib, mamlakatning ekologik mas’uliyatli davlat sifatidagi nufuzini mustahkamlamoqda hamda Yangi O‘zbekistonning innovatsion va barqaror taraqqiyot yo‘lidan borayotganini namoyon etadi.

2-mart — O‘zbekiston tashqi siyosat tarixi va milliy davlatchilik rivojida burilish nuqtasi. 1992-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘lish mamlakatimiz uchun xalqaro huquqiy tan olish, suverenitet kafolati va global institutlar tizimiga integratsiyalashuvni anglatgan bo‘lsa, bugun ushbu a’zolik mutlaqo yangi mazmun kasb etdi.

O‘zbekiston BMT minbaridan faqat murojaat qiluvchi emas, balki qarorlar qabul qilinishiga ta’sir etuvchi davlatga aylandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan tashabbuslar — Markaziy Osiyoda ishonch muhitini mustahkamlash, Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar zonasiga aylantirish, yoshlar huquqlari va ma’rifat g‘oyasini global darajaga olib chiqish — BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyalarida o‘z ifodasini topdi.

Bu, diplomatik bayonot emas, balki amaliy siyosiy natijadir. Markaziy Osiyodagi yangi siyosiy muhit, chegaralar bo‘yicha kelishuvlar, iqtisodiy aloqalarning kengayishi — bu mintaqaviy barqarorlikka qaratilgan xalqaro huquqiy asosning samarasi. Orolbo‘yi bo‘yicha qabul qilingan rezolyutsiya orqali ekologik inqiroz global e’tirof etildi va xalqaro moliyaviy mexanizmlar ishga tushirildi. Yoshlar va ma’rifat masalalari bo‘yicha qabul qilingan hujjatlar esa ekstremizmga qarshi ma’rifiy yondashuvni xalqaro siyosat darajasiga ko‘tardi.

BMT minbari Yangi O‘zbekiston uchun milliy manfaatlarni himoya qilish, mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash va umuminsoniy qadriyatlarni ilgari surish maydoniga aylandi.

2-mart — bu shunchaki tarixiy sana emas. Bu — O‘zbekistonning global siyosatdagi mustahkam qadami, strategik fikrlash va xalqaro mas’uliyatni anglagan davlat sifatidagi nufuzi ramzi.

Yangi O‘zbekiston xalqaro hamjamiyat bilan teng va o‘zaro manfaatli hamkorlikka asoslangan siyosatni izchil davom ettirar ekan, BMT minbarida ilgari surilgan tashabbuslar yanada kengayishi, milliy g‘oyalar global qarorlarga aylanishi shubhasiz.

O‘zA muxbiri N.Usmonova yozib oldi.