2-mart – O‘zbekiston BMTga a’zo bo‘lgan kun
Jahondagi yetakchi xalqaro tuzilma – Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan O‘zbekiston hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yganiga bu yil 32-yil to‘ldi.
Dunyodagi eng yirik xalqaro tashkilot sifatida BMT O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatiga kirib borishida, boshqa davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishida, eng asosiysi, ko‘plab mamlakatlar tomonidan tan olinishida katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda barcha sohalarda tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Ta’kidlash kerakki, 2017-yilda boshlangan yangi islohotlar nafaqat ichki, balki tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy aloqalarda ham yangi davrni boshlab berdi. Zamonaviy xalqaro munosabatlar ko‘p tomonlama diplomatiyaning roli ortib borayotganligi bilan ham xarakterlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining belgilovchi asosiy yo‘nalishlaridan biri – hamkorlikni mustahkamlash maqsadida BMT bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.
O‘zbekiston 1992-yil 2-mart kuni jahon hamjamiyatining teng huquqli a’zosi sifatida BMTga 179-davlat sifatida a’zolikka qabul qilindi. Yurtimizni BMTga qabul qilish to‘g‘risidagi qaror BMT Bosh Assambleyasining 46-sessiyasida yakdillik bilan, ovozga qo‘yilmagan holda qabul qilingan.
O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston va BMT bilan hamkorlikda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy sohalarda ko‘plab mahalliy doiradagi loyihalarni ham amalga oshirdi. Umuman, O‘zbekistonning BMT bilan hamkorlikda amalga oshirgan loyihalarini global, mintaqaviy va mahalliy darajadagi loyihalar sifatida baholash mumkin. BMT O‘zbekistonga jahonda tinchlik va barqarorlik, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish, madaniy va ilm-fan taraqqiyotining yorqin misoli, tobora rivojlanib borayotgan yosh mamlakat sifatida qaraydi. Shu bois mazkur nufuzli tashkilot va uning ixtisoslashgan muassasalari O‘zbekiston bilan hamkorlikda turli xalqaro anjumanlar tashkil etishdan manfaatdor. Bu esa mamlakatimiz uchun BMT va uning tuzilmalari bilan ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash, mustaqillik sharoitida erishilgan yutuqlarni, yurtimiz tarixi, madaniyat, san’atini jahonga targ‘ib etish, global va mintaqaviy muammolarga birgalikda yechim topish imkoniyatini beradi. Shu ma’noda, O‘zbekiston va BMT hamkorligida turli yillarda ko‘plab anjumanlar tashkil etilgan.
O‘zbekiston va BMT hamkorligining ustuvor yo‘nalishlarida biri bu – inson huquqlari va uni himoya qilish masalasidir. Shu ma’noda, O‘zbekiston inson huquqlariga oid 70 dan ortiq xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilgan. Jahonda kechayotgan hozirgi globallashuv jarayoni insoniyat taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish bilan birga, o‘zida turli tahdid va xavf-xatarlarni ham namoyon etmoqda. Ana shunday murakkab sharoitda bugungi kunda dunyoning yetakchi xalqaro tuzilmasi – BMT bilan tinchlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida samarali hamkorlik qilish xalqimizning tub milliy manfaatlariga to‘liq mos keladi.
Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqi O‘zbekiston – BMT munosabatlarining yangi bosqichini boshlab berdi, deyish mumkin. Davlatimiz rahbarining mazkur sessiyada so‘zlagan nutqida “Biz qat’iy ishonamiz, BMT bundan keyin ham xalqaro munosabatlarda hal qiluvchi o‘rin tutadi”, degan fikri Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosiy pozitsiyasini izohlab berdi.
Mazkur mustahkam siyosiy-diplomatik pozitsiya davlatimiz rahbari tomonidan 2020-yil 23-sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan global va mintaqaviy ahamiyatga ega tashabbuslarda yana bir karra o‘z aksini topdi. Shuningdek, 2023-yil 19-sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida Shavkat Miromonovichning “Biz huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat bo‘lmish Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosatini qat’iy davom ettirmoqdamiz. Mamlakatimiz “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan ezgu g‘oya asosida demokratiya va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tub islohotlar yo‘lidan dadil ilgari borayotgani, yurtimiz “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – Xotin-qizlar” tuzilmasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdorligi ta’kidlanib, birgalikdagi tashabbus sifatida ayollarning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalarini muhokama qilish va tajriba almashish uchun kelgusi yili O‘zbekistonda Osiyo xotin-qizlari forumini o‘tkazish taklif qilindi.
O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston hamda BMT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik aloqalari muvaffaqiyat bilan ravnaq topmoqda. BMT bilan munosabatlarimiz tenglik va manfaatli sheriklik asosida rivojlanib boraveradi.
Abdujabbor Nurmatov,
Namangan muhandislik-texnologiya institutining
ijtimoiy fanlar va sport kafedrasi dotsenti.
O‘zA