O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva BMT ayollar tuzilmasining Qirg‘izistondagi vakili Ulziysuren Jamsran bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va BMT ayollar tuzilmasi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini chuqurlashtirish masalasi muhokama qilindi.
Xususan, ushbu tashkilotning mamlakatimizdagi faoliyatini yanada faollashtirish, kelgusida uning gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan ilg‘or tajriba markazini O‘zbekistonda tashkil etish va boshqa istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish haqida so‘z bordi.
Senat raisi T.Norboyeva keyingi yillarda xotin-qizlar manfaatlarini ta’minlash borasida O‘zbekistonda tizimli ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Bunda BMT tavsiyalari inobatga olinayotganini ta’kidlab o‘tdi. BMT ayollar tuzilmasi bilan hamkorlik esa Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqoti tashkil etilishi bilan tizimli tus oldi.
Umuman, BMT institutlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan dastur va loyihalar doirasidagi asosiy ustuvor yo‘nalishlar Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining maqsad va vazifalariga to‘la mos keladi.
U.Jamsran O‘zbekiston jahon hamjamiyatida gender tenglikni ta’minlashda eng faol davlatlardan biri sifatida aniq chora-tadbirlarni, jumladan, 2021 yilda tasdiqlangan 2030 yilgacha bo‘lgan gender tenglikka erishish bo‘yicha Strategiyani amalga oshirayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Hamkorlikning yangi yo‘nalishini yo‘lga qo‘yish taklifini ilgari surib, buni O‘zbekiston xalqaro maydonda ham ilg‘or tashabbuslarni ilgari surgan holda barchaga namuna bo‘ladigan standartlarni joriy qilayotgani bilan izohladi.
Uchrashuvda yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, Toshkent shahrida ilg‘or tajriba markazini tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Bu markaz O‘zbekiston tajribasini global miqyosda ilgari surishga xizmat qilishi alohida e’tirof etildi.
Tomonlar O‘zbekiston va BMT ayollar tuzilmasi hamkorligini yanada kuchaytirishga kelishib oldi.
N.Abduraimova, O‘zA