O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi aloqalar keyingi yillarda ikki mamlakat Prezidentlarining o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlari tufayli mustahkamlanib bormoqda.
Bu Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva va Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika Kengashi Raisi Natalya Kochanova uchrashuvida e’tirof etildi.
Senatda o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston va Belarus faol siyosiy muloqotni davom ettirayotganiga, xalqaro platformalarda konstruktiv hamkorlik qilinayotganiga alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan, ikki davlat parlament vakillari MDH Parlamentlararo assambleyasi va Parlamentlararo ittifoq kabi xalqaro parlament tashkilotlari doirasida faol hamkorlik qilayotganligiga urg‘u berildi.
Ikki davlat do‘stlik guruhlari faoliyatiga ham e’tibor qaratilib, bu boradagi faoliyat ko‘rib chiqilgani va Komissiya nomi Belarus Respublikasi Milliy assambleyasi bilan hamkorlik bo‘yicha Senat parlamentlararo komissiyasi deb qayta nomlangani ma’lum qilindi.
Mazkur komissiya yuqori darajada erishilgan kelishuvlar ijrosini diqqat bilan kuzatib borishga, ularning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishiga amaliy yordam berishi hamda uning ishida xalq deputatlari mahalliy kengashlari ham faol ishtirok etishi alohida ta’kidlandi.
Uchrashuvda qonun ijodkorligi, gender va yoshlar siyosati, ta’lim, tibbiyot sohalarida o‘zaro tajriba almashish, hududlar o‘rtasidagi munosabatlarni kengaytirish, hududlarni raqamli rivojlantirish sohasida hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston –Belarus ayollari biznes-forumi mohiyatiga ham to‘xtalib o‘tdi.
Mazkur biznes-forumning ikkinchi marta o‘tkazilishi ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha yangi takliflarni ishlab chiqishga xizmat qilishi aytib o‘tildi.
Ikki davlat parlamentlari palatalari rahbarlari delegatsiya vakillari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika Kengashi o‘rtasida 2024 -2025 yillarga mo‘ljallangan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma tadbirlar rejasi (“yo‘l xaritasi”)ni imzoladi.
N.Abduraimova, O‘zA