Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ilm-fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik rivojlanmoqda
18:17 / 2022-04-25

O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi hukumat rahbarlari o‘rtasida kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralarda innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov tomonidan O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ilm-fan va texnologiyalar sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot taqdim etildi.

Vazir O‘zbekiston – Belarus qo‘shma ilmiy loyihalar tanlovlari doirasida amalga oshirilgan 15 ta loyihalar yakuniga yetkazilib, hozirda tijoratlashtirish bosqichidan o‘tayotganini ta’kidladi. Shuningdek, qo‘shma tanlovlarning ikkinchi turi doirasida jami 2 million AQSH dollari  qiymatidagi 30 ta ilmiy loyiha moliyalashtirilganini aytib o‘tdi. Bundan tashqari so‘nggi 3 yil davomida 200 nafar yosh olim va tadqiqotchilarning Belarus ilmiy-tadqiqot institutlariga stajirovkalarini tashkil etishga muvaffaq bo‘lindi.

Muzokaralar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Belarus Milliy fanlar akademiyasi o‘rtasida memorandum hamda 2022–2023 yillar uchun ilmiy-texnik va innovatsion hamkorlik dasturi imzolandi.

Ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy-texnik va innovatsion hamkorlik dasturi doirasida tomonlar qo‘shma ilmiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish, ilmiy tadbirlarni tashkil etish, olimlarning malakasini oshirish, ilmiy infratuzilmani rivojlantirish va texnologiyalar transferini amalga oshishga kelishdilar.

Belarus Milliy akademiyasi bilan memorandum doirasida esa ikki davlat ilmiy jamoalarining turli shakllardagi hamkorligini kengaytirish, olimlar va tadqiqotchilarning o‘zaro almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ilmiy ma’lumotlar bilan almashish, hamkorlikda nashriy faoliyatni rivojlantirish, ilmiy-amaliy tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan.

Ta’kidlash joizki,  O‘zbekiston Belarus bilan ilmiy hamkorlik doirasida ikkita qo‘shma ilmiy laboratoriyalar tashkil etilgan. O‘nlab o‘zbek olimlari Belarus Milliy fanlar akademiyasi institutlarida tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar. Shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi “Yashnabod” va Belarus Milliy texnik universitetining “Politexnik” texnoparki o‘rtasida hamkorlik o‘rnatilgan bo‘lib, qo‘shma startap loyihalarni rivojlantirish nazarda tutilgan.

O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ilm-fan va texnologiyalar sohalaridagi hujjatlar ikki davlat ilmiy hamkorligining yanada mustahkamlanishiga, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA