Bugungi kunda Belarusning sayyohlik salohiyati turli mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston sayyohlarida ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ikki davlat o‘rtasida turizm sohasida o‘zaro hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha amaliy kelishuvlarga erishilgan, aniq loyihalar va tadbirlar belgilangan. 2024-2025-yillarda Sport va turizm sohalarida hamkorlik bo‘yicha dastur va chora-tadbirlar rejasi imzolangan.
Shuningdek, O‘zbekiston va Belarus hukumatlari o‘rtasida ilm-fan va ishlab chiqarish, energetika, intellektual mulk, agrosanoat, turizm va boshqa sohalarni o‘z ichiga olgan jami 14 ta hujjat imzolangan. Davlatlar rahbarlari o‘rtasida qo‘shma bayonot qabul qilingan.
Toshkent shahridagi “Hilton Tashkent City” mehmonxonasida Belarus Respublikasi elchixonasi, Belarus Respublikasi Sport va turizm vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi va O‘zbekiston Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi ko‘magida “Belarus respublikasining turistik destinatsiyasi xususiyatlari” mavzusida konfrensiya tashkil etildi.
Tadbirda “ASIALUXE TRAVEL” va “RATEHAWK” turoperatorlari tomonidan Toshkent-Minsk muntazam aviaqatnovlaridagi eng yaxshi turistik mahsulotlar va vositalar taqdimoti namoyish qilindi. Shuningdek, Belarus respublikasining o‘rmonchilik mamlakati sanatoriylari, Minskdagi siti-breyk va ekskursiyaviy turlar, “MICE” va ishbilarmonlik sayohatlari uchun mehmonxonalar va xizmatlar yo‘nalishlari borasida ma’lumotlar taqdim etildi.
Shu bilan birga Turizm qo‘mitasi mas’ullari O‘zbekistonda turizm sohasining hozirgi holati, joylarda turizmni rivojlantirish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlar va mamlakatimizning turistik salohiyati xususida so‘z yuritdi.
Belarus respublikasi bilan turizm sohasidagi hamkorlik ham ko‘p qirrali formatlarda, jumladan, MDH Turizm kengashi doirasida ham faol rivojlanib bormoqda. Konfrensiya davomida ikki davlat o‘rtusida turistik mahsulotlarni targ‘ib qilish, turizm sohasida ma’lumotlar va tajriba almashish, infoturlar tashkil etish, kadrlar tayyorlash, turizm turlarini qo‘llab-quvvatlash: sog‘liqni saqlash, ekologik, gastronomik, tog‘, madaniy, arxeologik va agroturizm kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga kelishildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/rSlyxrwKDFE" title="Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasida turizm imkoniyatlari kengaytiriladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
– O‘zbekiston ham, Belarus respublikasi ham o‘z tarixi va madaniyatiga ega ulkan davlatlar hisoblanadi deydi Belarus Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Marinich Leonid. –Meni quvontirgan jihati, bu ikki davlatlarning xalqi uchun o‘zaro muloqotda hech qanday tarjimonga ehtiyoj yo‘q. Belarus xalqi uchun O‘zbekistonning boy o‘tmishi, qadriyatlari, chiroyli tabiati, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadimiy shaharlari tarixi har doim qiziq bo‘lgan. O‘ylaymanki, turizm yo‘nalishidagi o‘zaro hamkorlik aloqalari har ikkala davlat uchun ham birdek manfaatli bo‘ladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA