O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Belarus Respublikasi madaniyat vaziri Ruslan Chernetskiy bilan uchrashdi.
Muzokara chog‘ida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbolini muhokama qildi. Jumladan, kinematografiya sohasidagi aloqalarni mustahkamlash, teatrlarning o‘zaro gastrollarini uyushtirish, shuningdek qo‘shma ta’lim loyihalari tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.

R.Chernetskiy madaniy tashabbuslar ikki xalq do‘stligini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidlab, kino va teatr san’ati vakillari sherikligini chuqurlashtirish muhimligini qayd etdi.
O‘z navbatida O.Nazarbekov ta’lim yo‘nalishida hamkorlikni faollashtirish, xususan birgalikda madaniyat muassasalari, xususan xoreografiya bo‘yicha pedagoglar tayyorlash taklifini berdi. Shuningdek, sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan umumiy ishlar ahamiyatini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida martabali mehmon Belarus Madaniyat kunlari yuqori saviyada tashkil etilgani uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik izhor qildi.
Muloqot so‘ngida madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi.
Masalan, Belarus davlat akademik katta teatri va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri o‘rtasida tasdiqlangan hamkorlik memorandumi birgalikda ijod qilish uchun yangi imkoniyatlar ochadi, ikki yetakchi sahnada sara asarlar, ijodiy jamoalar va tajriba almashinuvini ko‘zda tutadi.
Bundan tashqari O‘zbekiston davlat musiqali komediya (operetta) teatri va Belarus davlat filarmoniyasi, shuningdek O‘zbekiston davlat filarmoniyasi va G.I.Sitovich nomidagi Belarus Respublikasi Milliy akademik xalq xori o‘rtasida ham kelishuv imzolandi. Mazkur hujjatlar madaniy almashinuvga yangi ma’no-mazmun baxsh etuvchi keng miqyosli qo‘shma loyihalar, gastrol va konsert dasturlari uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Aziza Alimova,
O‘zA