O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi taklifiga binoan Belarus Respublikasi adliya vaziri Sergey Xomenko boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga tashrif buyurdi.
Tashrifdan maqsad mavjud munosabatlarni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish orqali ikki davlat adliya vazirliklari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlashdir.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Belarus Adliya vazirliklari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik 2021 yil 19 mayda Moskva shahrida imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga asosan amalga oshirilmoqda.
Tashrif doirasida O‘zbekiston adliya vaziri Akbar Toshqulov va Belarus Respublikasi adliya vaziri Sergey Xomenko o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida adliya va huquq, shuningdek, davlat boshqaruvining ijtimoiy-iqtisodiy sohalaridagi keng ko‘lamli islohotlar, ularni amalga oshirishda adliya organlarining roli haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida 2023 yilga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi. Mazkur dastur ikki davlat adliya vazirliklari o‘rtasida turli turdosh sohalarda birgalikda tadbirlarni tashkillashtirish va chuqurroq tajriba almashishga xizmat qiladi.
Tashrif doirasida delegatsiya Toshkent viloyati adliya boshqarmasi, Yunusobod tumani davlat xizmatlari markazi, adliya bo‘limi, FHDYO bo‘limi hamda yuridik xizmatlar ko‘rsatish markazi, shuningdek, O‘zbekiston Notarial palatasi va “Madad” NNT faoliyati bilan tanishadi.
O‘zA