O‘zbekiston va Bangladesh o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik munosabatlariga ustuvor masala sifatida alohida e’tibor qaratilmoqda. Natijada o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2023 yilning birinchi yarim yilligida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ikki barobarga o‘sdi.
Bu Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyevaning Bangladesh Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhammad Monirul Islom bilan uchrashuvida qayd etildi.
Muloqot chog‘ida hamkorlikning barcha sohalari, xususan, savdo-iqtisodiy, siyosiy, madaniy gumanitar, ayniqsa, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Erishilayotgan ko‘rsatkichlarni yana bir necha barobarga oshirishga imkoniyatlar yetarli ekani aytib o‘tildi.
Tomonlar qonun chiqaruvchi organlar hamkorligini yanada rivojlantirish, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda parlament nazorati imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalariga e’tibor qaratdi.
O‘z navbatida, ikki davlat savdo-sanoat palatalari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish hamda sanoat mahsulotlarining o‘zaro ko‘rgazma va yarmarkalarini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishni o‘z ichiga olgan amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish taklifi ilgari surildi.
O‘zbekistondagi erkin iqtisodiy zonalarda to‘qimachilik klasterlari va ishlab chiqarish loyihalarini ishga tushirish, farmatsevtika sohasida mamlakatimizning keng salohiyatidan kelib chiqib, qo‘shma loyihalarni amalda joriy qilish yuzasidan fikr almashildi.
Madaniy-gumanitar aloqalarni, ayniqsa, madaniyat va ziyorat turizmi sohasida hamkorlikni kengaytirishga e’tibor qaratildi.
Diplomat mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning bundan keyin ham yanada rivojlanishi uchun bor imkoniyat va salohiyatini ishga solishini bildirdi.
N.Abduraimova, O‘zA