Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va BAA sun’iy intellekt sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda
13:41 / 2025-10-27

Bugungi kunda sun’iy intellekt texnologiyalari davlat boshqaruvi, iqtisodiyot va ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida samaradorlikni oshirishning muhim omiliga aylanmoqda.

Shu bois mamlakatimizda ham ushbu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va milliy tizimga tatbiq etish muhim.

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi belgilagan ustuvor yo‘nalishlar asosida sun’iy intellekt sohasidagi ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganish va joriy etish ishlarini davom ettirmoqda.

Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak rahbarligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Dubay shahrida Birlashgan Arab Amirliklarining Sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot va masofadan turib ishlash bo‘yicha davlat vaziri Umar Sulton Al Olama bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida davlat boshqaruvida sun’iy intellektni joriy etish, BAAning mazkur sohadagi loyihalarni tanlash va baholash tajribasini o‘rganish, shuningdek, mutaxassislar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, yagona integrator — “Uzinfokom” kompaniyasi vakillari sun’iy intellekt asosida axborot tizimlari va ilovalarni ishlab chiqish hamda joriy etish borasida o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Bu BAA vakillarining katta qiziqishini uyg‘otdi, deyiladi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ma’lumotida.

Uchrashuv yakunida tomonlar sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, tajriba almashish va o‘quv tadbirlarini tashkil etish borasida kelishuvga erishdilar.

M.Hojiakbarova, O‘zA