Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va BAA hamkorligi mustahkamlanmoqda
19:13 / 2021-12-08

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzokov Abu-Dabi shahrida BAA Bosh vaziri o‘rinbosari, Prezident ishlari bo‘yicha vazir Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon bilan uchrashdi.

Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bergan. Muzokara chog‘ida investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqboli muhokama qilindi.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil mart oyida BAAga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi ko‘rib chiqildi. Bu borada yuzaga kelayotgan masalalar hamda qo‘yilgan vazifalarni ijro etish uchun kelgusidagi hamkorlik mexanizmi ko‘rib chiqildi.


Investitsiyaviy sheriklik masalasi muhokama qilinarkan, tomonlar O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb etilgan amirlik sarmoyalari hajmini oshirish bo‘yicha yuqori o‘sish sur’ati, amirlik kompaniyalari tomonidan loyihalar amalga oshirishda erishilgan muvaffaqiyat qayd etdi.

 Jumladan, “Masdar” kompaniyasi joriy yil avgust oyida O‘zbekistonda birinchi quyosh elektr stansiyasini ishga tushirdi, yana uchta yangi quyosh elektr stansiyasi, xususan, 457 MVt quvvatga ega Sherobod QES, 220 MVt quvvatga ega Samarqand QES va 220 MVt quvvatga ega Jizzax QES qurilishi bo‘yicha o‘tkazilgan tenderlarda g‘olib chiqdi. O‘zbekistonda “Masdar” loyihalari jamlanmasi qiymati hozir 2 milliard dollardan oshdi. Qurilayotgan elektr stansiyalarining umumiy ishlab chiqarish quvvati esa 2,5 GVtni tashkil etadi.


Abu-Dabi rivojlanish jamg‘armasi bilan muvaffaqiyatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, jumladan, O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturi hamda ta’lim loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani ham alohida qayd etildi.

 Jamg‘arma bilan hamkorlikda tashkil etilgan qo‘shma investitsiya kompaniyasi faol ish yuritmoqda. Xususan, turizm sohasida yirik loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda, umumiy qiymati 500 million dollarga teng 14 ta istiqbolli investitsiyaviy loyiha portfeli ishlab chiqilmoqda.


Muloqot chog‘ida energetika, qishloq xo‘jaligi, moliya sektori, infratuzilmani rivojlantirish va sog‘liqni saqlash sohalarini o‘z ichiga olgan investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirishga boir ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.


Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlash, savdo hamda investitsiyaviy hamkorlikni diversifikatsiya qilish, BAAning yetakchi kompaniyalari orasidan O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirish uchun yangi investorlar jalb etishga sodiqligini bildirdi. Bu, o‘z navbatida, ikki mamlakat iqtisodiy sherikligining mavjud salohiyatidan to‘liq foydalanish imkonini beradi.


Go‘zal SATTOROVA,
O‘zA muxbiri