Oliy Majlis Senatiga Avstriya Federal kengashi raisi Andrea Eder-Gitshtaler boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda Avstriya parlamenti rahbariyatining O‘zbekistonga ilk rasmiy tashrifi ikki davlat parlamentlararo hamkorligini rivojlantirishda muhim bosqich bo‘lgani qayd etildi.
Muzokaralar chog‘ida parlamentlararo aloqalarni kengaytirish, ijtimoiy himoya sohasida tajriba almashish, turizmni rivojlantirish, hududlararo hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, barqaror rivojlanish, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va yoshlar siyosati kabi keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi.

T.Norboyeva ta’kidlaganidek, davlatimiz rahbarining qat’iy siyosiy irodasi tufayli mamlakatimizda parlament vakolatlari izchil kengayib, xotin-qizlarning siyosatdagi ishtiroki yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Suhbat davomida parlamentlararo hamkorlikni, shu jumladan xalqaro parlament tashkilotlari doirasida faollashtirishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirildi va qator aniq tashabbuslar ilgari surildi.
Parlamentlar va tegishli qo‘mitalar rahbarlarining muntazam uchrashuvlarini o‘tkazish, parlamentlararo do‘stlik guruhlarining qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqish, hududlararo aloqalarni kengaytirish shular jumlasidandir.
N.Abduraimova,
O‘zA