O‘zbekiston va Armaniston Markaziy banklari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi.
Mazkur Memorandum ikki mamlakat Markaziy banklari o‘rtasida pul-kredit siyosati, to‘lov tizimlari, moliyaviy texnologiyalar, loyihalar va ma’lumotlarni boshqarish, jumladan Suptech va Regtech yo‘nalishlari, shuningdek banklar hamda nobank kredit tashkilotlari faoliyatini nazorat qilish masalalari bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Hujjat Markaziy banklar o‘rtasida professional muloqotni rivojlantirish, qo‘shma uchrashuvlar, o‘quv tadbirlari, seminarlar va tanishuv tashriflarini tashkil etish, shuningdek bilim va ilg‘or tajriba almashinuvini rag‘batlantirish maqsadida imzolangan.
Shu bilan birga, Memorandum axborot almashinuvi bo‘yicha aniq tamoyillarni belgilab, hamkorlik qonuniy va samarali asosda, maxfiylik talablariga qat’iy rioya etilgan holda amalga oshirilishini ta’minlaydi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA