Keyingi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosatda tub o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Mamlakatning xalqaro maydondagi faoliyati, mintaqaviy va global masalalarga daxldorligi, xalqaro tashkilotlardagi nufuzi sezilarli darajada oshdi.
Bu jarayonda O‘zbekiston – AQSH munosabatlari alohida ahamiyatga ega. Agar tarixiy nuqtai nazardan qaraladigan bo‘lsa, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik turli bosqichlarni boshidan kechirdi, ammo bugungi kunda hamkorlikning yangi davri boshlandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bunday yuksalish avvalo Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuskor va konstruktiv tashqi siyosati, islohotlarga asoslangan ichki siyosiy faoliyatini izchil olib borishi bilan bog‘liq. Prezidentning ochiqlikka asoslangan strategiyasi nafaqat O‘zbekiston ichida, balki xalqaro maydonda ham katta qiziqish va qo‘llab-quvvatlashga sabab bo‘ldi. AQSH bu jarayonlarni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan hamkorlardan biri sifatida O‘zbekiston bilan barcha sohalarda hamkorlikni kengaytirishga intilayotgani yaqqol ko‘rinib turibdi.
Bu yil Nyu-York shahrida BMTning 80 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan yubiley sammitida Shavkat Mirziyoyev ishtirok etishi nafaqat BMT doirasidagi faollik, balki ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish imkoniyati sifatida ham katta ahamiyat kasb etmoqda.
Davlat rahbarining BMT Bosh Assambleyasidagi chiqishi dunyo hamjamiyatiga O‘zbekistonning xalqaro kun tartibidagi asosiy masalalarga munosabatini yana bir bor namoyon etadi.
Biroq tashrifning ahamiyati faqat nutq bilan chegaralanmaydi. Prezidentning sammit doirasidagi ikki tomonlama uchrashuvlari va strategik kelishuvlari O‘zbekiston va AQSH munosabatlarida yangi sahifa ochdi.
O‘zbekiston rahbarining “Boeing Global” kompaniyasi prezidenti Brendan Nelson bilan uchrashuvi tarixiy ahamiyat kasb etdi. Chunki imzolangan kelishuv – 22 ta “Boeing 787 Dreamliner” samolyotini xarid qilish katta kelishuv. O‘zbekiston aviatsiya sohasi uchun ulkan qadamdir. Bitimning umumiy qiymati 8 milliard dollarga teng.
Bu nafaqat “Uzbekistan Airways” flotini zamonaviylashtirish, balki mamlakatning transport logistikasida global integratsiyaga xizmat qiladi. 14 ta samolyot bo‘yicha qat’iy shartnoma va yana 8 ta havo kemasi bo‘yicha opsion esa uzoq muddatli hamkorlikka zamin yaratadi. Birinchi yetkazib berish 2031 yilda boshlanishi rejalashtirilgan.
Prezident Donald Trampning bu kelishuvga ijobiy munosabat bildirishi va Shavkat Mirziyoyevni samimiy tabriklashi ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy ishonchning kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.
Prezidentning Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) rahbari Kristalina Georgiyeva bilan uchrashuvi ham katta ahamiyatga ega. Georgiyeva O‘zbekistondagi islohotlarni orqaga qaytmas jarayon sifatida baholab, Jamg‘arma tomonidan qat’iy qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi.
XVJ bilan hamkorlik doirasida makroiqtisodiy barqarorlik, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish, byudjet tizimini isloh qilish kabi muhim sohalarda amaliy natijalarga erishilmoqda. Bu esa O‘zbekistonning moliyaviy salohiyatini mustahkamlaydi va investorlar uchun yanada ishonchli muhit yaratadi.
Tashrif davomida AQSHning qator yirik kompaniyalari va ilmiy markazlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Jumladan, «Traxys» – geologiya-qidiruv va konlarni o‘zlashtirish sohasida 1 milliard dollarlik loyihalar portfeli shakllantirildi. Mineral resurslarni qazib olish va qayta ishlashda ilg‘or texnologiyalar joriy etish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» qabul qilindi.
«FLSmidth», «McKinsey», «Go Green Partners» va boshqa kompaniyalar bilan strategik hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Bu kompaniyalarning umumiy kapitallashuvi 20 milliard dollardan ziyod ekanligi, O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Shuningdek, Prezident «Blackrock» kompaniyasining katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesini qabul qildi. Jahon moliya bozorida 11 trillion dollar aktivga ega ushbu kompaniya bilan energetika, transport va suv infratuzilmasi sohasida hamkorlikni kengaytirish muhokama qilindi.
Shavkat Mirziyoyevning tashrifi chog‘ida Jahon banki prezidenti Ajay Banga, «Citigroup» raisi Jon Dugan, «Franklin Templeton» rahbari Jenni Jonson, «BNY» tijorat direktori Katinka Valstrom, «Jefferies» kompaniyasi rahbari Brayan Fridman kabi nufuzli moliyaviy tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi.
Bu muloqotlar AQSH moliya bozorlari va yirik investitsiya korporatsiyalari O‘zbekiston iqtisodiyotiga jiddiy qiziqish bildirishini ko‘rsatdi. Aniq yo‘nalishlarda kelishuvlar va qo‘shma ishchi guruhlar tashkil etilishi mamlakat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishga xizmat qiladi.
Davlat rahbarining Nyu-Yorkka tashrifi O‘zbekiston – AQSH munosabatlari tarixida yana bir burilish nuqtasi bo‘ldi.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA