O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus elchisi Serjio Gor hamda Davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Muzokarada ikki mamlakat o‘rtasidagi investitsiyalar, sanoat, energetika va infratuzilmaviy rivojlanish sohalaridagi hamkorlik holati, shuningdek, joriy yil sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSHga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Laziz Qudratov erishilgan kelishuvlarni amaliyotda ro‘yobga chiqarish muhimligini ta’kidlab, amerikalik kompaniyalarning tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, transport va axborot texnologiyalari kabi ustuvor yo‘nalishlardagi investitsiya loyihalariga yuqori qiziqish bildirayotganini qayd etdi.
Shuningdek, uchrashuvda AQSHda bo‘lib o‘tadigan “C5+1” sammitiga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi. Mazkur tadbir Markaziy Osiyo mamlakatlari va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish yo‘lida muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi.

Shuningdek, AQSHning yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan biri — Rowan universiteti prezidenti Ali A.Xushmand bilan ham muloqot o‘tkazildi.
Tomonlar ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, jumladan, Toshkentdagi Nordic International University negizida faoliyat yuritayotgan Rowan xalqaro markazini rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Amaldagi 1+3 bakalavriat va 1+1 magistratura dasturlari doirasida O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari talabalari Toshkentda va AQSHda ta’lim olib, muhandislik, axborot texnologiyalari, tibbiyot va biznes boshqaruvi yo‘nalishlarida Amerika diplomini olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Shuningdek, o‘qish jarayonini ishlab chiqarish amaliyoti bilan uyg‘unlashtiruvchi ta’lim modelini joriy etish rejalari muhokama qilindi. Bu yondashuv yoshlarni ish bilan ta’minlash hamda malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA