Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Amazon raqamli infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni boshladi
14:27 / 2025-11-07

Zamonaviy raqamli texnologiyalar jamiyat taraqqiyotining asosiy omillaridan biriga aylanib bormoqda. Internet xizmatlarining qamrovi va tezligini oshirish, ayniqsa, chekka hududlarda ham barqaror aloqa tizimini yo‘lga qo‘yish mamlakat iqtisodiyoti va ta’lim sohasi uchun katta ahamiyat kasb etadi.

Shu maqsadda, raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AQSHga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida Amazon kompaniyasining “Project Kuiper” loyihasi bo‘yicha xalqaro iste’molchilar biznesi direktori Liza Skalpone bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Amazon Kuiper — amerikalik xususiy aerokosmik kompaniya bo‘lib, orbital internet tarmoqlari va sun’iy yo‘ldosh infratuzilmasini rivojlantirish bilan shug‘ullanadi. Loyihaning asosiy maqsadi aholini yuqori tezlikdagi internet xizmatlari bilan ta’minlash va global qoplam imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.

Uchrashuvda O‘zbekistonda "Project Kuiper" tizimi xizmatlarini joriy etish, IT-Park orqali raqamli ekotizimni rivojlantirish hamda yuqori tezlikdagi sputnik internet xizmatlarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Ushbu tashabbus mamlakatda zamonaviy internet infratuzilmasini rivojlantirish, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va raqamli xizmatlarning qamrovini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Muzokaralar chog‘ida tomonlar “Amazon Kuiper” xizmatlarini O‘zbekistonda joriy etish bo‘yicha amaliy hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini qayd etdi.

Nigora Rahmonova,

O‘zA