Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida navbatdagi memorandum imzolandi
11:09 / 2020-11-23

AIR hukumati delegatsiyasining Toshkentga tashrifi chog‘ida Afg‘oniston Oliy ta’lim vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi o‘rtasida afg‘on talabalarini O‘zbekistonga ta’lim olish uchun yuborish to‘g‘risida o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolandi.

Marosimda Bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzoqov va AIR Prezidenti Administratsiyasi rahbari Muhammad Shokir Korgar ishtirok etdi.

Imzolangan Memorandumda ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida o‘quv materiallari almashish, ta’lim tadbirlarida mutaxassislarning o‘zaro ishtirokini ta’minlash, ilmiy-tadqiqot ishlarida hamkorlik qilish va ilmiy jurnallarda nashr va maqolalarni birgalikda tayyorlash shartlari, tartibi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, ta’lim sohasida hamkorlik, jumladan, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida aloqalarni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvga hukumatimiz delegatsiyasining Afg‘onistonga oktyabr oyida amalga oshirilgan tashrifi chog‘ida erishildi.

Ta’lim sohasidagi hamkorlikning bugungi holati haqida gapirganda shuni ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 13 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzurida Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, Surxondaryo viloyati Termiz tumanida Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish markazi faoliyat yuritmoqda. 2018-2019 o‘quv yili davomida Markazda 96 talaba “O‘zbek tili va adabiyoti” yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olib, ularning barchasi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti Universiteti bakalavri darajasiga ega bo‘ldi.

Hozirgi kunda markazda 172 nafar, jumladan, “O‘zbek tili va adabiyoti” yo‘nalishi bo‘yicha 119, “Yer usti transport tizimlari va ularning ekspluatatsiyasi” yo‘nalishi bo‘yicha 35, “Akusherlik, ginekologiya va hamshiralik ishi” yo‘nalishi bo‘yicha 18 talaba tahsil olmoqda.

Bundan tashqari, shu yilning dekabr oyida afg‘onistonlik yoshlardan 10 nafari Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘magi asosida qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida tahsil olish uchun yurtimizga kelishi rejalashtirilgan.