Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston va Afg‘oniston imzolagan navbatdagi bitimlar qiymati 1 milliard dollardan oshadi
11:15 / 2023-10-31

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev Kobul shahrida Afg‘oniston Bosh vaziri o‘rinbosari Abdul G‘ani Mulla Barodar bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga doir qator masalalar muhokama qilindi.

Bundan tashqari Kobulda ikki tomon vazirlik, idoralari mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda savdo-iqtisodiy va boshqa sohalardagi sheriklik istiqboli tahlil qilindi.

Mamlakatimiz delegatsiya tarkibidan energetika, suv xo‘jaligi, konchilik sanoati va geologiya, qishloq xo‘jaligi, investitsiya, sanoat va savdo, transport, tashqi ishlar vazirliklari, shuningdek, qator boshqa idoralar, tarmoq agentliklari hamda uyushmalar rahbarlari o‘rin oldi.

Tomonlar “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish tarmog‘i qurilishi loyihasini tezlashtirish, Kobul va Mozori Sharif shaharlaridagi savdo uylarimiz faoliyatini qayta tiklash va jonlantirish, Afg‘onistonda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ vakolatxonasini ochish masalalari ko‘tarildi. Shuningdek, xalqaro yuk tashish, bojxona nazorati hamda foydali qazilmali konlarni o‘rganish va rivojlantirish istiqboliga oid dolzarb masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Delegatsiyamiz tashrifi doirasida yurtimizda ishlab chiqarilgan milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi uyushtirildi, ikki mamlakat davlat idoralari va ishbilarmon doira vakillari ishtirokida “B2B” va “G2B”formatidagi uchrashuvlar o‘tkazildi.

Tadbirlar yakunida qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va kimyo sanoati, transport-logistika, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, charm-poyabzal, elektrotexnika yo‘nalishlarida 1 milliard 185 million dollarlik eksport-import shartnomalari, bitimlar imzolandi.

O‘zA