Xalqimizda bir maqol bor: Qo‘shning tinch – sen tinch. Bu shaksiz haqiqat, ayniqsa, keskin nizo va zo‘ravonliklar urchib, turli mintaqalarni o‘z domiga tortayotgan, asrlar davomida o‘zaro tinch, hamjihat yashagan butun-butun xalqlar bir-biriga qarama-qarshi bo‘lib qolayotgan bugungi kunda o‘ta dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbek va afg‘on xalqlari azaldan yonma-yon yashab keladi. Bizni umumiy madaniy, ma’naviy va tarixiy qadriyatlar, yagona din, buyuk ajdodlarimizning merosi birlashtirib turadi.
O‘zbekiston doim Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, ushbu mamlakat bilan yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash tarafdori bo‘lib kelgan. Ayniqsa, so‘nggi yillarda munosabatlarimizda tamomila o‘zgacha yondashuv namoyon bo‘layotgani, hamkorlik yangicha qarashlar asosida rivojlanayotgani xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda.
Mamlakatimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbaridan, qator xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida Afg‘onistonga doir istiqbolli taklif, tashabbuslar ilgari surayotgani ma’lum. Eng muhimi, bu hayotiy loyihalarning barchasi amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Shu kunlarda Afg‘oniston Bosh vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mullo Abdul G‘ani Barodar boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Kecha, 22 fevral kuni martabali mehmonlarni Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, Prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev, Tolibonning yurtimizdagi elchisi shayx Abdulg‘affor Bahr kutib oldi.

Delegatsiya tarkibida ayni payt Muvaqqat hukumat tarkibida kon va neft, transport va aviatsiya, sanoat va savdo, qishloq xo‘jaligi kabi asosiy sohalarda vazir vazifasini bajarayotgan, shuningdek Moliya vazirligi rahbarining daromad va boj ishlari bo‘yicha o‘rinbosari kabi iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlari mas’ul vakillari borligi mazkur tashrifdan nechog‘li yuqori maqsadlar ko‘zlanganidan dalolat.
Mullo Abdul G‘ani Barodar dastlab hukumatimiz rahbari o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev bilan uchrashib, savdo va tranzit aloqasini mustahkamlash, qo‘shma savdo zonalari tashkil etish masalasini muhokama qildi.

Yuqori martabali muzlozim Afg‘oniston va O‘zbekistonni diniy, tarixiy, madaniy va etnik mushtaraklik bog‘lab turishini yana bir bor esga olib, bu jihat ikki o‘lka siyosiy, iqtisodiy munosabatlariga chuqur ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini e’tirof etdi. Shu bilan birga Transafg‘on loyihasi, 500 kilovattlik elektr uzatish tizimi yaratilishi haqida gapirdi. O‘zaro savdoda milliy valyutalardan foydalanish, uglevodorod va mineral resurslar bo‘yicha kelishuv amalga oshirish, o‘zbekistonlik ishbilarmonlarning Afg‘onistonda turli sohalarga sarmoya kiritishi imkoniyatini o‘rganish taklifini ilgari surdi. Sarmoyadorlarga zarur qulayliklar yaratish masalasi har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi.
O‘z navbatida J.Xo‘jayev o‘zbek tadbirkorlari ushbu qardosh davlatda neft va gazni qidirish va qazib olish orqali sanoatni rivojlantirish, masalan Samangan viloyatida sement zavodi barpo etish uchun investitsiya kiritishga tayyorligini ma’lum qildi. Ma’lum bo‘lishicha, “Toti Maydon” gaz konini qidirish jarayonida allaqachon sezilarli natijaga erishilgan, tez orada qazish ishlari boshlanadi.

– Maqsadimiz – siyosiy, iqtisodiy, tranzit va savdo aloqalarini kengaytirib, Afg‘onistonga O‘zbekiston sarmoyasini jalb qilish uchun imkoniyat yaratish, – deydi Tolibon matbuot xizmati vakili Hamidullo Fitrat. – Umuman, ikki davlat rasmiylari ko‘plab sohalar bo‘yicha sheriklikni muhokama qiladilar.
Afg‘onistonlik iqtisodiy tahlilchi Ahmad Firdavs Behg‘ozin fikricha, qo‘shnilar va boshqa davlatlar bilan mustahkam aloqa tiklanishi mamlakat iqtisodiy salohiyatini sezilarli darajada oshiradi.
– Hamkor ellar bilan iqtisodiy almashinuv ko‘lami qanchalik kengaysa, ichki iqtisodiyotimiz jahon bozoriga shunchalik tez integratsiyalashadi, – dedi u.
Shu kunning o‘zida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Afg‘oniston Bosh vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mullo Abdul G‘ani Barodar bilan ikki tomonlama muzokara o‘tkazdi.

Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, muloqot davomida davlatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabat do‘stlik, hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyiliga asoslangani, Prezident Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston bilan barcha sohalarda konstruktiv va o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratayotgani ta’kidlandi. Sheriklikni yanada kengaytirish, savdo, iqtisodiyot, energetika, transport va boshqa sohalarda izchil rivojlantirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Muzokaralar, keng qamrovli fikr almashuv qo‘shni mamlakatning tinch va barqaror rivojlanishi, eng avvalo mintaqa davlatlari bilan birga jahon hamjamiyatiga har tomonlama integratsiyalashuvi uchun zaruriy shart ekanini yana bir karra tasdiqladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, o‘tgan yil avgust oyida Bosh vazir A.Aripov Afg‘onistonga tashrif buyurgan edi.
Afg‘oniston delegatsiyasi mamlakatimizga tashrifi doirasida Toshkent shahridagi qator ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishadi.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur tashrif davomida erishilajak kelishuvlar ikki tomonlama munosabatni amaliy mazmun bilan boyitib, ikki do‘st mamlakat o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.
Umuman, yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash Afg‘oniston va barcha qo‘shni davlatlar, jumladan O‘zbekiston manfaatiga to‘liq mos keladi.
O‘tkir Alimov, O‘zA