French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston uy-joy bozorida narxlar pasaymoqda
15:56 / 2025-12-11

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda uy-joy bozori mamlakat iqtisodiy rivojlanishining eng faol va tez o‘zgarayotgan tarmoqlaridan biriga aylandi. Bozorda narxlarning keskin ko‘tarilishi, ipoteka kreditlari hajmining kengayishi, aholi daromadlari va uy-joy ehtiyojlari o‘rtasidagi muvozanatning o‘zgarishi keng muhokamaga sabab bo‘layotgan masalalardan.

Mutaxassislarning qayd etishicha, 2020-2025 yillar davomida O‘zbekistonning uy-joy va ipoteka bozorida sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi. Bozordagi narx dinamikasi, ipoteka faoliyati va aholining xarid qobiliyati davlat siyosati hamda makroiqtisodiy jarayonlar bilan chambarchas bog‘liq bo‘ldi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, mazkur davrda bozor avvalo, narxlarning keskin o‘sishi, keyin esa barqarorlashuv va qisman pasayish bosqichlarini boshdan kechirdi.

Misol uchun, 2022-2023 yillarda rekord darajada o‘sdi. Bu yillarda uy-joy narxlari mamlakatning ko‘plab hududlarida keskin oshdi. Ayniqsa, Toshkent shahrida 60-67 foiz, Samarqand, Andijon va Namanganda 40-45 foiz, Xorazm, Jizzax va Qoraqalpog‘istonda 10-15 foizga o‘sgan.

Narxlarning shunday tez o‘sishiga kuchli talab, qurilish xarajatlarining ortishi, spekulyativ investitsiyalar hamda ipoteka sohasidagi davlat qo‘llab-quvvatlovi sabab bo‘ldi.

2024-2025 yillarda ayrim hududlarda narxlar o‘sishi sekinlashdi, ayrimlarida esa pasayish qayd etildi. Jumladan, 2025 yilning birinchi yarmida Toshkentda birlamchi bozor narxlari 14 foizga, Toshkent viloyatida esa 9 foizga pasaydi.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bu taklif hajmining ortishi va spekulyativ talabning kamaygani bilan bog‘liq.2025 yilga kelib bozor narxlari bilan uy-joylarning real qiymati o‘rtasidagi farq ham 4 foizgacha qisqargani qayd etildi.

Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasining ma’lum qilishicha, so‘nggi besh yilda ipoteka kreditlari hajmi barqaror o‘sib bordi. Ayniqsa, 2025 yilning birinchi choragida ipoteka ajratilishi 2,5 barobarga oshgan. 2024 yilda foiz stavkalarining oshishi va kredit shartlarining qat’iylashuvi aholining ipoteka olish imkoniyatini chekladi. 2025 yilda davlat tomonidan qator yengilliklar joriy etildi.  

Ipoteka foizlari formulasi asosiy stavka +6 foiz etib belgilandi. YeTTB tomonidan Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi uchun 40 mln. dollar ajratildi. Bu choralar bozorda barqarorlikni qayta tiklashga yordam berdi.

Uy-joy narxi va yillik daromad nisbatini ko‘rsatuvchi PIR indeksining 4,7 darajada ekani mamlakat uchun ijobiy ko‘rsatkich hisoblanadi. Biroq hududlar kesimida farq katta. Misol uchun, Samarqand 7,7, Namangan 6,47, Toshkent shahri 2,85, Navoiy 2,96 darajada  bo‘lgan. Bu ma’lumotlar uy-joy sotib olish imkoniyati holati hududlarga qarab tejamkor yoki qiyinligi bilan farq qilishini ko‘rsatadi.

2025 yil boshida xarid qobiliyati indeksi 121 foizga yetdi. Bu ipoteka va bozordagi barqarorlik sharoiti yaxshilanganini anglatadi. Bozordagi hozirgi tendensiyalar, narxlar barqarorlashmoqda, ayniqsa, poytaxtda. Bitimlar soni ortib bormoqda — 2025 yil birinchi yarmida 177 mingdan ortiq uy-joy sotilgan. Qurilish hajmi ko‘paymoqda, bu taklifning kengayishiga va narxlarning bosimsiz shakllanishiga xizmat qilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, 2020-2025 yillarda O‘zbekiston uy-joy bozori uch bosqichni boshdan kechirdi. Narxlar keskin o‘sishi 2022-2023 yillarda kuzatildi. 2024 yilda esa kreditlar qimmatlashuvi kuzatilgan. Joriy yilda bozor barqarorlashuvi va narxlarning reallashuvi, uy-joy narxi pasayishi kuzatildi.

Davlatning ipoteka siyosatidagi o‘zgarishlar, qurilish hajmi oshishi va bozorni moliyalashtirish mexanizmlarining takomillashuvi kelgusi yillarda uy-joy bozorini barqaror va prognoz qilinishi mumkin holatga keltirishi kutilmoqda.

Sh.Mamaturopova,

O‘zA