Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston UNWTO Bosh Assambleyasi Prezidenti va ikkita Qo‘mita a’zosi etib saylandi
00:28 / 2023-06-03

Ma’lumki,ayni kunlarda Bolgariyaning Sofiya shahrida Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Yevropa komissiyasining 68-yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Unda Madaniyat va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek A’zamov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.

Sofiya mezbonlik qilayotgan bugungi nufuzli tadbirda tashkilotning qator vakolatli organlari uchun saylovlar o‘tkazilmoqda.

Qayd etish lozimki, saylovlar yakuniga ko‘ra O‘zbekiston 3 ta nominatsiyada g‘olib, deb topildi.

Jumladan, xalqaro tashkilot tomonidan O‘zbekistonga UNWTO Bosh Assambleyasining 25-yubiley sessiyasida mezbon sifatida prezidentlik qilish vakolati berildi. Ushbu rasmiy vakolat topshirilar ekan, UNWTO rahbariyati va a’zolari tomonidan bugungi kunda UNWTO Bosh assambleyasining 25-yubiley sessiyasini o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan tayyorgarlik ishlarini hamda mamlakatda turizmni rivojlantirishda olib borilayotgan islohotlar alohida e’tirof etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston keyingi 2023-2027 yillar muddatiga UNWTO Ijroya kengashining Vakolatlar bo‘yicha qo‘mitasi a’zoligiga qabul qilindi.  

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va Turizm vazirligi matbuot xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur a’zolik UNWTO Ijroya kengashi tomonidan qabul qilinadigan muhim qaror va hujjatlar, ularga a’zo davlatlar ishtiroki haqqoniyligi va tamoyillarga mosligini nazorat qilish vakolati O‘zbekistonga ishonib topshirilganligini bildiradi.

Bundan tashqari, mamlakatimiz 2023 – 2027-yillar davomida UNWTO Afillangan a’zolar qo‘mitasiga saylandi. Mazkur Qo‘mita dunyo bo‘ylab 500 dan ortiq turizm sohasi xususiy tashkilotlari va uyushmalarni o‘z ichiga olgani davlatimiz uchun keng imkoniyatlarni ochib beradi.  

Tadbir doirasida “Samarqand - Yangi O‘zbekiston turizm darvozasi” taqdimoti ham amalga oshirildi.  

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, joriy yilning 16-20-oktyabr kunlari Samarqand shahrida UNWTO Bosh Assambleyasining 25-yubiley sessiyasi bo‘lib o‘tadi.

O‘zA