Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston unining sifati, tabiat hodisasidan zararlangan bug‘doyzorlar yoxud chorva mollari ozuqasiga ta’sir etuvchi omillar...
16:18 / 2022-06-23

Dunyoda bug‘doy eksport qiladigan 6 yetakchi davlat bor.

Ular, Rossiya, Kanada, AQSH, Avstraliya, Ukraina, Yevropa Ittifoqi hisoblanadi. Rossiya bug‘doy eksporti bo‘yicha dunyoda 1 o‘rinda turadi. Ammo, yaqinda Rossiya bug‘doy eksportiga cheklov qo‘ydi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyida bug‘doy uni narxi bir yil oldingiga nisbatan 16,5 foizga o‘sgan. O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, fevral oyidan may oyining birinchi 10 kunligigacha bo‘lgan davrda un narxi 15-23 foizga oshgan.

O‘zbekiston yetishtirilayotgan bug‘doy va un mahsulotlarining bugungi holati yuzasidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi G‘allachilik dukkakli don ekinlari boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Abdulla Mansurov bilan suhbatlashdik.

– O‘tgan yili mamlakatimizda 6 million 600 ming tonna g‘alladan hosil olindi. Joriy yilda esa 7 million 800 ming tonna hosil olish rejalashtirilyapti. O‘zbekistonda yetishtirilayotgan bug‘doy aholining ehtiyojini to‘laqonli ta’minlay oladi, deydi Abdulla Mansurov.

– Aholini un bilan ta’minlashga imkoniyatlar yetarli dedingiz. Ammo, nima uchun Qozog‘istondan un import qilamiz?

– 2021 yilni tahlil qilsak, shu yil Qozog‘istondan 2 million 800 tonna un import qilganmiz. Ammo o‘sha yili 1 million 400 tonna bug‘doy eksport ham qilganmiz. Bundan tashqari, Afg‘onistonga ham un eksport qilingan. Import qilishimiz faqat o‘zimiz iste’molimiz uchun emas. Eksportni chiqarib tashlasak, davlatimizga 1 million tonnadan oshiqroq bug‘doy import qilgan bo‘lamiz.

– Qo‘shni davlatlarda bug‘doy narxining oshishi, bizga ham ta’sir ko‘rsatadimi?

– Qo‘shni mamlakatlarda bug‘doy oshadigan bo‘lsa, bizda ham ko‘tarilish ehtimoli bor. bugungi kundagi g‘alla yetishtiruvchilardan davlat zaxirasi uchun bug‘doy g‘amlayapmiz. Agar bozorlarda bug‘doyning narxi oshadigan bo‘lsa, o‘sha zaxiradagi bug‘doy bozorga chiqariladi. Bu narxlarning barqarorligini ta’minlaydi.

– Bilamizki, o‘zbek xalqi bug‘doy, paxta yetishtirishga uzoq yillik tajribaga ega. Ba’zi fikrlarga ko‘ra, mamlakatimizdagi ayrim unlarning sifati talab darajasida emas. Qozog‘istondadek sifatli bug‘doy yetishtirishga nima to‘sqinlik qiladi?

– Haqiqatda respublikamiz paxtachilik sohasida 100 yillik tajribaga ega. 100 yillik ilmiy-tadqiqot institutlarimiz bor. Lekin, g‘allachilik bilan mustaqillik e’lon qilinganidan keyin shug‘ullana boshlandi. Hozirda respublikamizda 3 ta katta g‘allachilik ilmiy-tadqiqot instituti bor. Ularning tashkil etilganiga 25-30 yil bo‘ldi. Mazkur institutlar tomonidan mamlakatimizning har bir hududi iqlimiga mos, bug‘doy navlar yaratilyapti.

Ma’lumki, bitta bug‘doy navini yaratish uchun 10-12 yil vaqt kerak bo‘ladi. Demak 23-30 yil bo‘lgan institutlarimizning tajribasi yil sayin oshyapti. Mahalliy sharoitga mos navlarni yaratish o‘z natijasini ko‘rsatyapti.

Sug‘oriladigan yerlarda yetishtiriladigan bug‘doyning lalmikor yerlarda yetishtirilgan bug‘doylardan sifati pastroq bo‘ladi. Bu sifati iste’molga yaroqsiz degani emas. Bizda yetishtirilayotgan bug‘doylarning tarkibida 27-28 kirikavina mavjud. Fanda bu unning yopishqoqligi, cho‘ziluvchanligini belgilaydi. 

Bu ko‘rsatkich Qozog‘istonda yetishtirilgan bug‘doylarda 30-32 kirikavinada. Umuman olib qaraganda un mahsulotini qayta ishlaydiganlar, ya’ni novvoylarning talabi esa unda kirikavina 23 foizdan past bo‘lmasligi kerak. Qozog‘istonda 30-35 lalmi maydonda yetishtiriladigan bug‘doylarning hosildorligi 5 sentner bo‘ladi. Bizda sug‘oriladigan maydonlarda 70 sentner hosil yetishtiramiz. O‘tgan yilda Qirg‘iziston, Tojikiston va boshqa qo‘shni mamlakatlarga urug‘ eksportini ham yo‘lga qo‘ydik. Umuman olganda, yurtimizda yetishtirilayotgan g‘allaning sifati jahon talablariga javob beradi.

– Mahalliy unlardan xamirli ovqatlar tayyorlasak, mahsulot ezilib, taom ko‘ngildagidek chiqmaydi. Shu sababli ko‘pincha qozoq unidan foydalanishga to‘g‘ri keladi. Bunga sabab nimada?

– Qozog‘istondan kelayotgan bug‘doyning aksari qattiq hisoblanadi. Qattiq bug‘doy ko‘pincha makaron mahsulotlariga ishlatiladi. Respublikamizning 60-70 foiz aholisi qishloq sharoitida yashaydi. Ular mahalliy bug‘doylardan tayyorlangan undan foydalanadi. O‘zimizning jaydari bug‘doydan tayyorlangan nonlarning mazasi boshqacha.

Yuqoridagi savolingizga to‘xtaladigan bo‘lsak, ko‘pchilik mahalliy unimizning birinchi navidan xamirli taomlar tayyorlaydi. Birinchi navli unda kepak ko‘p bo‘lgan bois xamir ko‘ngildagidek chiqmasligi mumkin. Qozoq unining oliyidan xamirli taomlarni tayyorlashda foydalanamiz. Oliy navli unda kepak kam, un ko‘p bo‘ladi. Shu sababli xamirlar sifati yaxshi bo‘ladi. O‘zi dunyo bo‘yicha birinchi navli undan kamdan-kam hollarda xamirli ovqatlar tayyorlanadi. Agar mahalliy ishlab chiqarilayotgan oliy navli unlardan xamirli ovqatlar tayyorlansa, taom ko‘ngildagidek chiqadi.

– O‘zbekistonda tayyorlangan un dunyoda sifat jihatidan nechanchi o‘rinda turadi?

– Dunyo talabi bo‘yicha unning oqsili 14 foiz, klikavina miqdori 23 foizdan yuqori bo‘lishi kerak. Mamlakatimizda yetishtirilgan bug‘doylarning oqsili 14 foizni, klikavinasi esa 27-20 foizni tashkil etadi. Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda yetishtirilayotgan bug‘doy navlari jahon standartlariga to‘la javob beradi. Dunyo bo‘yicha sifat jihatdan unlarimizda muammo yo‘q. Sababi, mahsulotimiz 100 foiz tabiiy. Tuprog‘imiz unumdor.

– Yaqinda mamlakatimizda sodir bo‘lgan kuchli shamol ta’sirida bug‘doyzorlarga zarar yetdi. Dehqonlarning ta’kidlashicha, bu bug‘doylarning chirishiga sabab bo‘ladi. Ushbu holat bug‘doy narxlariga ta’sir ko‘rsatadimi?

– Haqiqatdan kuchli shamol, sel kelishi natijasida bug‘doylar yotib qoldi. Biroq, respublika miqyosida 1 million 32 ming gektar bug‘doy ekin maydonidan, 2 ming 400 gektar bug‘doy ekini yerga yotib qolgan. Buni hisob-kitob qildik. Zarar ko‘rgan yerlarda bug‘doy doni shakllangan bo‘lgan. Shakllangan don bo‘lganidan keyin katta yo‘qotishlari bo‘lmaydi. O‘sha 2 ming 400 gektar bug‘doy hosilining 25-30 foizini yo‘qotgan bo‘lishimiz mumkin.

– Ma’lumki bug‘doyning tortilishi natijasida chorva mollarining ozuqalari narxi ham oshmoqda. Buning oldini olish uchun qanday choralar ko‘rilmoqda?

– Paxta, g‘alla yetishtirib bo‘lingan yer maydonlarida makkajo‘xori, beda ekish yo‘lga qo‘yildi. Demak, 200 ming gektar paxta, g‘alla maydonlarida almashlab ekish hisobiga chorva oziqqa bazasi to‘liq ta’minlanadi.

Dunyo bo‘yicha bitta yirik shoxli chorva uchun 0, 15 gektar oziq bazasi shakllantirilgan bo‘lsa, respublikamizda har bir chorva molga 0,30 gektar ozuqa bazasi mavjud. Faqat bu almashlab ekishga mo‘ljallangan.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA