English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekiston – umumiy uyimiz”
16:13 / 2025-11-14

16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni

Oliy Majlis huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi Buxoro viloyati bo‘linmasi tashabbusi bilan Buxoro shahridagi NNT va Do‘stlik uyida 16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuniga bag‘ishlab “O‘zbekiston –umumiy uyimiz” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston – ko‘p millatli mamlakat. Yurtimizda o‘tkazib kelinayotgan “Bag‘rikenglik haftaligi”dan maqsad 130 dan ortiq istiqomat qilib kelayotgan  millat va elat vakillari o‘rtasida do‘stlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash, ertangi kunimiz bo‘lgan yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash hamda xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini rivojlantirishdan iboratdir.

Buxoroda mahalliy aholi bilan birgalikda yahudiy, fors-tojik, qozoq, turkman, arab, yunon va boshqa millat vakillari tinch-totuv umrguzaronlik qilmoqda. Ajdodlarning bag‘rikenglik an’analarini munosib davom ettirgan holda bugungi kunda ham viloyatda 40 dan ortiq millat vakillari hudud ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va ma’rifiy taraqqiyoti yo‘lida samarali mehnat qilmoqda.

– Bugungi kunda bag‘rikenglik insoniyat tomonidan erishilgan eng katta yutuqlardan biridir, – deydi Tatar-boshqird milliy madaniy markazi rahbari Ravil Zabirov. – Bundan keyingi taraqqiyot uchun ham u muhim omillardan biri bo‘lib qoladi. O‘zbekistonda turli millat vakillari o‘rtasida mustahkam do‘stlik, bag‘rikenglik muhiti ta’minlangan. O‘zbekistonda millati, tili, dinidan qat’iy nazar barcha millat vakillari teng huquqli. Biz shunday tinch, osuda yurtda yashayotganimizdan baxtiyormiz. 

– Davlat rahbari tashabbusi bilan viloyatdagi mavjud milliy madaniy markazlarida yaxshi sharoitlar yaratilgan. Bugungi tahlikali zamonda mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlikni rivojlantirish eng muhim masalalardan biridir. Yurtimizga ko‘z tegmasin, – deydi viloyat “Soglasiye i milosordiye” rus milliy madaniy markazi rahbari Nataliya Chopanashvili.

– Shunday go‘zal, tinch yurtda yashayotganimizdan xursandmiz, – deydi Qozoq milliy madaniy markazi rahbari Xazna Kolbayeva. – Osmonimiz musaffo, barcha millat vakillar bir tan, bir jon bo‘lib yashab kelmoqda. Mustaqilligimizga, tinchligimizga ko‘z tegmasin. Farzandlarimiz kamolini ko‘rish barchamizga nasib aylasin.

Viloyatdagi mavjud milliy madaniy markazlar Oliy Majlis huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan ajratilgan grant loyihalarida ham faol ishtirok etib kelmoqda. Milliy madaniy markazlar tomonidan turli mavzulardagi loyihalar qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bunda Tatar-boshqird, Koreys, Turk, “Oftobi Sugdiyon” tojik-forsiy, “Soglasiye i milosordiye” rus milliy madaniy markazlari doimo faollik bilan qatnashib keladi. 

Tadbirda turli millat vakillari o‘zlarining kuy va qo‘shiqlari bilan yig‘ilganlarga xush kayfiyat bag‘ishladi. 

Zarif Komilov, O‘zA