Farg‘ona davlat universiteti filologiya fakulteti tomonidan viloyat milliy madaniy markazlar bilan hamkorlikda “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida bayram tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirning asosiy g‘oyasi turli millat vakillarining o‘zaro ahilligini ifoda etishga qaratildi.
Tadbirni universitet yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori I.Nosirov ochib, mamlakatimizda, jumladan universitetda millatlararo hamjihatlik va totuvlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr bildirdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasini ijro etish bilan boshlanib, filologiya fakulteti talabalari hamda milliy madaniy markazlar jamoalarining adabiy-badiiy kompozitsiyasi namoyish etildi.
Bayramda fakultetning o‘zbek tili, rus tili va tojik tili yo‘nalishlari talabalari tomonidan o‘zbek, rus va tojik tillaridagi qo‘shiq, she’rlar va milliy raqslar ijro etildi.
Shuningdek, tadbirda viloyat slavyan, nemis, tatar, koreys, tojik, turk milliy madaniy markazlari faollari va badiiy havaskorlik ansambllari qatnashib, ular tomonidan rus, tatar, koreys, tojik, qirg‘iz, turk xalq qo‘shiqlari va raqslari namoyish etildi.
Milliy madaniy markazlar rahbarlari O‘zbekiston Respublikasida millatlararo ahillikni ta’minlash borasidagi davlat siyosatida mamnun ekanliklari, turli millat vakillariga yaratilgan sharoitlar xususida iliq fikrlar bildirdilar.
Bayram kechasi ishtirokchilar birgalikda ijro etgan “O‘zbekiston” qo‘shig‘i bilan yakunlandi.