Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti” kitobi: Vatanimizdagi yangilanishlarga xolis nazar
17:20 / 2025-12-11

Mana to‘qqiz yildirki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonda olib borilayotgan shiddatli yangilanish jarayonlari, ayniqsa, ma’naviy-ma’rifiy jabhalardagi islohotlar jahon jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otib, yuksak e’tirof etilmoqda.

Poytaxtimizdagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida pokistonlik yozuvchi, jurnalist Muhammad Abbos Xonning “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti” nomli kitobi taqdimotida bu jihatlar yana bir karra o‘zining yorqin ifodasini topdi.  

Ushbu taqdimot tadbirida Pokiston Islom Respublikasi hukumati a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, vazirliklar, idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan diplomatik korpus vakillari, ilm-fan, madaniyat va san’at, adabiyot sohasi namoyandalari ishtirok etdi.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov keyingi yillarda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida amalga oshirilayotgan tub ijobiy o‘zgarishlar, ayniqsa ma’naviy-ma’rifiy jabhalardagi yangilanish jarayonlari, ularning nainki Vatanimiz, balki mintaqa rivojiga ko‘rsatayotgan ijobiy ta’siri, yangi O‘zbekistonning shiddatli taraqqiyot odimlari xalqaro miqyosda alohida hurmat va e’tibor qozonayotgani xususida batafsil so‘z yuritdi. Bu o‘zgarishlar O‘zbekistonga uning o‘z farzandidek munosabatda bo‘lgan pokistonlik jurnalist va adib Muhammad Abbos Xonning “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti” nomli kitobida juda samimiy, real, xolis, haqqoniy tarzda o‘z aksini topgani diqqatga sazovor.  

[gallery-26686]

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi a’zosi Azamat Ziyo,  Pokiston Islom Respublikasi Prezidentining Matbuot kotibi va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik bo‘yicha maslahatchisi Murtazo Solangi, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining savdo va sanoat masalalari bo‘yicha koordinatori Rana Ixsaan Afzal Xon, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Faruk Ahmad, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid va boshqalar Muhammad Abbos Xonning “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti” nomli kitobi xususida batafsil so‘z yuritdi.

Ushbu kitob 2025 yilda urdu tilida pokistonlik jurnalist va yozuvchi tomonidan badiiy-publitsistika janrida yozilgan.

Muhammad Abbos Xon Pokiston Islom Respublikasining “Daily Ittehad” gazetasi O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi maxsus muxbiridir. Muallifning ta’kidlashicha, asarda jahon miqyosidagi davlat va siyosat arbobi Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans poydevorini yaratish g‘oyasi ma’rifat, tinchlik va muloqot kabi qadriyatlarga asoslangan buyuk o‘zgarishlar loyihasi ekani ko‘rsatib berilgan. U, shuningdek, insoniyatni hamkorlikka chorlash, tinchlik va muloqot kabi qadriyatlarga asoslangan buyuk o‘zgarishlar loyihasi, vaqt izmiga bo‘ysunmas abadiy g‘oyalardan biri sifatida talqin etilgan.

Ushbu asarga Pokiston Bosh vaziri janob Muhammad Shahboz Sharif so‘z boshi yozib, kitob “bashariyat tamaddunining kelajakdagi rivojini teran anglab olishga qaratilgan izlanish va mushohadalarni o‘zida mujassam etgan asar” ekanini ta’kidlaydi. “Mazkur kitob qadrdon do‘stim, Janobi Oliylari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish tashabbusini, uning g‘oyaviy konsepsiyasini chuqurroq anglashga yordam beradi. O‘zbek xalqining buyuk ajdodlari ma’naviy merosiga tayanadigan bu ulug‘vor g‘oya butun bashariyatning farovon kelajagiga xizmat qilishi shubhasizdir” – deb ko‘rsatib o‘tadi.

Pokiston Bosh vaziri O‘zbekiston tajribasi Pokistonni ham kelgusida buyuk yangilanishlarga, xayrli intilishlarga ilhomlantirishi, kitob shak-shubhasiz, bashariyat kelajagi, ma’rifatning qadr-qimmati va yangi butunjahon gumanizmini shakllantirishda Sharqning tutgan muhim o‘rnini yanada yaqqol namoyon etib, istiqboldagi ulug‘ rejalarga o‘z hissasini qo‘shishiga ishonch bildiradi.

Bu Pokiston davlati va xalqining Prezidentimizning g‘oyalari va xalqlar o‘rtasida hamkorlik va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan global miqyosdagi qator tashabbuslarining ham yuksak e’tirofi.

Qayd etish lozimki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Xayrli ish yaxshi niyatdan boshlanadi”, degan so‘zlari, muallif tomonidan “chin ma’nodagi o‘zgarishlar insonning ezgulik va adolatga xizmat qilish istagidan boshlanadi”, deb talqin etilgan hamda kitobning falsafiy asosini tashkil etgan.  

Mazkur asarda davlatimiz rahbarining insonparvarlikka asoslangan yangicha tafakkuri aks ettirilgan. “Mening nazarimda, – deb yozadi Muhammad Abbos Xon o‘z asarida, – insoniyat tarixida davlat yoki imperiyaning mavjudligidan ham barqarorroq narsa — bor. Bu — buyuk g‘oyalar. Ular tarixning yo‘nalishini o‘zgartirib, kelajakni shakllantira oladigan qudratli kuch ham hisoblanadi. Ana shunday g‘oyalardan biri – O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish g‘oyasi, deb bilaman. Zero, Uchinchi Renessans g‘oyasi – vaqt izmiga bo‘ysunmas abadiy g‘oyadir. Mening nazdimda mazkur g‘oya inson tafakkurining bemisl ummoniga quyiluvchi qudratli daryoga o‘xshaydi. Fikrimcha, bu g‘oya nafaqat O‘zbekiston kelajagi uchun asos, balki yangi, yanada uyg‘un va samarali dunyoni shakllantirishning innovatsion modeli hamdir”.

Mazkur kitob o‘quvchini teran mulohazaga chorlaydi — unda davlatimiz rahbarining “tarix devor emas, balki ko‘prikka, kelajak esa raqobat emas, balki hamkorlik maydoniga aylanadi”, degan fikrlari aniq misollar va hayotiy voqealar orqali ifoda etilgan.  

Asarda, jumladan, O‘zbekiston milliy davlatchilik rivojining uch ming yildan ziyod tarixiy tajribasiga oid qator misollar keltiriladi.

Asarning ilk taqdimoti joriy yil oktyabr oyida Islomobodda bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti administratsiyasi va Hukumati a’zolari, taniqli siyosatshunos va olimlari, tahlilchilari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Unda “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti” nomli ushbu asar, shubhasiz, nafaqat o‘zaro tushunish manbasi, balki O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni chuqur anglash kaliti bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.

Pokistonlik siyosatchi va ilmiy ekspertlarning fikricha, yozuvchi Muhammad Abbos Xon tomonidan yozilgan ushbu asar va unda ko‘tarilgan fikr va talqinlar nafaqat Pokistonda, balki Yevropa va boshqa mamlakatlarda ham yuqori baholanmoqda.  

Hozirda “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti” kitobi o‘zbek tilida ham nashr etildi.

—Men ko‘p yillardan buyon O‘zbekistonda yashayman, — dedi pokistonlik adib va jurnalist Muhammad Abbos Xon. – Uning xalqi bilan doimiy muloqotdaman. Bu yurtda kechayotgan shiddatli islohotlar meni juda ilhomlantiradi. O‘zbekistonda ulkan ijobiy o‘zgarish kechayapti va ular o‘zining natijasini ko‘rsatmoqda. Bu islohotlar nainki O‘zbekiston, balki xorijda ham e’tirof etilmoqda.  

Taqdimot tadbirida Muhammad Abbos Xonning “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti” kitobi, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda kechayotgan buyuk o‘zgarishlar, hayotda o‘z ifodasini topayotgan ezgu g‘oya va tashabbuslar, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik aloqalari xususida batafsil so‘z yuritildi.  

Taqdimot tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti rahbari - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibi Sherzod Asadov ishtirok etdi.  

Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov,

Asliddin Alijonov (surat), O‘zA muxbirlari