Joriy yilning 6-24 yanvar kunlari Saudiya Arabistonida futbol bo‘yicha U23 yosh toifasida Osiyo kubogi final bosqichi bo‘lib o‘tadi.
Qit’amiz futbolida yangi mavsumni ochib beruvchi mazkur nufuzli musobaqa muxlislar o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otishi kutilmoqda. Ayniqsa, Osiyo kubogida Ravshan Haydarov boshchiligidagi O‘zbekiston U23 yoshlar terma jamoasining ishtiroki mamlakatimiz futbol ixlosmandlari uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi musobaqada “C” guruhidan joy olgan. Guruh bosqichida termamiz dastlabki uchrashuvini 7 yanvar kuni Livan terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Ikkinchi tur doirasida esa 10 yanvar kuni Eron termasi bilan kuch sinashadi. Guruh bosqichidagi so‘nggi bahs 13 yanvar kuni Koreya Respublikasi terma jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tadi.

Osiyo kubogining ochilish uchrashuvi “A” guruhidan o‘rin olgan Vetnam hamda Iordaniya terma jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Shu kuni mazkur guruhda Saudiya Arabistoni va Qirg‘iziston termalari o‘rtasidagi bahs 1-tur uchrashuvlarini yakunlaydi.

“B” guruhidagi bahslar 7–8 yanvar kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda Yaponiya – Suriya hamda Qatar – BAA termalari o‘rtasidagi uchrashuvlar rejalashtirilgan. “D” guruhidan o‘rin olgan Iroq – Xitoy hamda Avstraliya – Tailand terma jamoalari o‘rtasidagi bellashuvlar esa 8 yanvar kuni o‘tkaziladi.
Guruh bosqichi bahslari 14 yanvar kuniga qadar davom etadi. Unda har bir guruhda birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan terma jamoalar chorak final bosqichiga yo‘l oladi. Chorak final uchrashuvlari 16–17 yanvar kunlari tashkil etiladi. Jumladan, “A” guruhi g‘olibi “B” guruhida ikkinchi o‘rinni egallagan jamoa bilan, “D” guruhi peshqadami esa “C” guruhida ikkinchi o‘rinni band etgan terma jamoa bilan bellashadi. Qolgan ikki juftlikda esa “A” guruhida ikkinchi o‘rinni olgan jamoa “B” guruhi g‘olibiga, “D” guruhida ikkinchi o‘rinni egallagan terma esa “C” guruhi g‘olibiga qarshi maydonga tushadi.
Musobaqaning yarim final uchrashuvlari 20 yanvar kuni o‘tkaziladi. 3-o‘rin uchun bahs 23 yanvar kuniga belgilangan bo‘lsa, Osiyo kubogi g‘olibini aniqlab beradigan final uchrashuvi 24 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA