Xiva shahrida suv masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Turkmaniston hukumatlararo komissiyasining V yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va Turkmaniston aloqalari nafaqat tarixiy qardoshlik va madaniy yaqinlik an’analariga asoslangan, balki bir daryodan suv ichadigan ikki xalq rizqi va nasibasi ham bir- biriga bog‘liq.
So‘nggi yillarda ikki davlat rahbarlarining samimiy aloqalari tufayli mamlakatlar o‘rtasidagi ijobiy hamkorlik dinamikasi yanada jonlandi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, suv-energetika va madaniy-gumanitar va boshqa muhim sohalarda qo‘shma loyihalar ko‘paydi.
Xususan, 2025 yilning 16-17 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘lgan chog‘ida tomonlar atrof-muhitni muhofaza qilish va suvdan oqilona foydalanish sohasida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olingan edi.
O‘zbek-turkman hukumatlararo qo‘shma komissiyasining beshinchi yig‘ilishiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Sh.G‘aniyev hamda Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari T.Ataxalliyev boshchilik qildi.
[gallery-27390]
Yig‘ilishda Suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha Turkmanobod shahrida o‘zbek-turkman hukumatlararo qo‘shma komissiyasining uchinchi yig‘ilishida erishilgan kelishuvlar ijrosi muhokama qilindi.
Tomonlar Amudaryoda suvning to‘siqsiz o‘tishi uchun qirg‘oqlarni muhofaza qilish va kanallarni to‘g‘rilash ishlarini olib borish, suv yo‘qotilishini kamaytirish, Amudaryo va Sirdaryo suv resurslaridan foydalanish to‘g‘risidagi konvensiyalarni birgalikda rag‘batlantirish, O‘zbekiston-Turkmaniston davlat chegarasidagi “Tallimarjon- Tallыmerdjen avtoyo‘l” nazorat-o‘tkazish punkti faoliyatini qayta tiklash kabi o‘ndan ortiq masalalar bo‘yicha kelishib oldi.
– Ikki davlat rahbarlarining oqilona va uzoqni ko‘zlab yuritilayotgan siyosati tufayli ikki davlat o‘rtasidagi transchegaraviy suv resurslarini boshqarish do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va bir-birining manfaatlarini hurmat qilish ruhida amalga oshirilmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamrayev. – Xususan, bugun ham Turkmaniston hududida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi ob’ektlarini inventarizatsiya qilish, davlatlararo kanalizatsiya bo‘yicha zarur ishlarning borishi, Qarshi magistral kanalidan Turkmaniston tomonidagi suv olish punktlarini inventarizatsiya qilish, hisobga olish va ma’lumotlarni uzatishni avtomatlashtirish orqali Amudaryo suv resurslarining birgalikdagi monitoringini tashkil etish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish, mehnat va fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish sohasidagi hamkorlikni yanada jonlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Suv xo‘jaligida ilmiy-texnik hamkorlik ham yig‘ilishda ko‘rilgan asosiy masalalardan biri bo‘ldi.
Yig‘ilishda “Markaziy Osiyo davlatlarining suvni tejash texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha transchegaraviy hamkorligi” mavzusidagi taqdimot o‘tkazildi.
– Suv resurslari kamayib borayotgan bugungi kunda suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish davr talabiga aylanib bormoqda, – deydi “O‘zbekiston suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi” koordinatori Sanjar Rahmonov. –Mamlakatimizda esa bu borada ko‘p yillardan buyon katta tajriba to‘plangan. Ayniqsa, “Suvchilar maktabi” loyihamiz hozirgi kunda Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston Respublikalarida yaxshi samara bermoqda. Yig‘ilishda ham bizning qilgan taqdimotimiz Turkmaniston tomonidan yuqori baholandi va bu tajriba ularda ham qo‘llaniladigan bo‘ldi. “Suvchilar maktabi” loyihasi Markaziy Osiyo davlatlarining barchasiga tadbiq etiladigan bo‘lsa, mintaqamizda suv serobligi ta’minlanadi.
Yig‘ilish yakunida qo‘shma komissiyaning tegishli bayonnomasi imzolandi.
Suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha O‘zbek-turkman hukumatlararo komissiyasining oltinchi yig‘ilishini Turkmanistonda o‘tkazishga kelishildi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari