Buxoroda o‘tkazilgan Birinchi O‘zbekiston – Turkmaniston hududlararo forumida umumiy qiymati 451 million dollarlik investitsiya va savdo bitimlari imzolandi.
Tadbirda ikki mamlakat delegatsiyalariga O‘zbekiston tomonidan Bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzaqov, Turkmaniston tomonidan Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Botir Atdayev rahbarlik qildi.
Tomonlar hududlararo aloqalarni mustahkamlash va iqtisodiy samaradorligi yuqori bo‘lgan tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish uchun qo‘shma amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Ikki mamlakat hududlari rahbarlari va biznes missiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil qilish yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlandi. Bundan tashqari, hududlar o‘rtasida hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini tashkil etish, istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va muvofiqlashtirish, ularni hayotga tatbiq etish bilan bog‘liq barcha masalalarni hal qilish uchun doimiy ishchi guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi.
[gallery-7916]
Forumda investitsiyaviy, sanoat va savdo munosabatlarini rivojlantirish uchun qishloq xo‘jaligi, avtomobilsozlik, kimyo, to‘qimachilik, charm-poyabzal va elektrotexnika sanoati kabi eng istiqbolli yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Hududlararo aloqalarni rivojlantirish nuqtai nazaridan chegaraoldi savdo zonalarini foydalanishga topshirish, savdo uylarini ochish hamda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish muhimligi ta’kidlandi.
So‘zining yakunida delegatsiyalar rahbarlari O‘zbekiston va Turkmaniston hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va hududlararo hamkorlikning yangi o‘sish nuqtalarini kashf etish bo‘yicha faol hamkorlik qilishga tayyorligini bildirishdi.
Forum davomida ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari rahbarlari, viloyatlar va tegishli idoralar rahbarlari ham so‘zga chiqdi. Ular tomonidan investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish salohiyati va istiqbollari, shuningdek, ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini tashkil qilish bo‘yicha aniq takliflar taqdim etildi.
Bundan tashqari, tadbir doirasida ishtirokchilarning “B2G” va “B2B” formatidagi uchrashuvlari hamda ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Forum yakunida umumiy qiymati 451 million dollarlik investitsiya va savdo bitimlari imzolandi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA