O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Aytish kerakki, davlat rahbarlari darajasidagi muloqotlar va amaliy kelishuvlar barqarorligi mintaqaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda, deyish mumkin.
Joriy yilning yanvar oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan tashqi ishlar vazirlari muzokaralari yakunida ikki mamlakat tomonidan 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi munosabatlarimizni huquqiy jihatdan mustahkamlaydigan protokol sifatida baholanadi. Mazkur kelishuvlar ikki tomonlama aloqalarni kengaytirish va rivojlantirish poydevorini yanada mustahkamladi.
Ikki qardosh o‘lka o‘rtasida siyosiy muloqotlar izchil davom etmoqda. Xususan, kecha O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Ashxobod shahrida uchrashib, davlatlarimiz o‘rtasida siyosiy-iqtisodiy, gumanitar, transport va energetika sohalaridagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha fikr almashdilar. Uchrashuvda savdo aylanmasi 2025 yil boshidan beri 1 milliard dollar atrofida bo‘lgani, Shavot – Dashog‘uz chegara savdo zonasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani, yuk tashish hajmi 30 foizga oshgani va boshqa sohalardagi jihatlar alohida ta’kidlandi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zaro savdo teng darajada rivojlanmoqda va ikki davlat tovar almashinuvini kengaytirishga yo‘naltirilgan mexanizmlar ishlab chiqilgan. Masalan, iqtisodiy loyihalardan biri sifatida Shavot – Dashog‘uz chegara savdo zonasi tashkil etilgani, logistik jarayonlarni yengillashtirishi va savdo hajmini yuqori darajaga oshirishi kutilmoqda.
Shuningdek, transport, qishloq xo‘jaligi, sanoat va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni har tomonlama kengaytirish maqsadida yangi kelishuvlar imzolanmoqda. Jumladan, bugungi kungacha ikki davlat o‘rtasida logistika infratuzilmasini takomillashtirish, transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilish va savdo jarayonlarini soddalashtirish yo‘nalishida ko‘plab kelishuvlar mavjud.
Qayd etish kerakki, madaniy-gumanitar sohadagi aloqalar ham ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashda muhim rol o‘ynamoqda. Turli san’at festivallari, madaniy tadbirlar, ta’lim va pedagogik almashinuvlarning har ikki o‘lkada ham yo‘lga qo‘yilgani ikki davlat aholisi o‘rtasida madaniy yaqinlik va o‘zaro tushunishni yanada kuchaytirmoqda. Bunday tashabbuslar nafaqat xalqlar o‘rtasida do‘stlik ifodasi, balki ularning tarixiy va ma’naviy merosini asrash, rivojlantirish hamda kelajak avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Umuman olganda, savdo-iqtisodiy aloqalarning izchil o‘sishi, transport va logistika yo‘nalishidagi yangi imkoniyatlar, madaniy-gumanitar almashinuvlarning faolligi o‘zaro manfaatli munosabatlarning barqaror asosga ega ekanligini ko‘rsatmoqda. Shu ma’noda, O‘zbekiston – Turkmaniston hamkorligi nafaqat ikki davlat rivojiga, balki butun mintaqada tinchlik, barqarorlik va farovonlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda, deyish mumkin.
Dilshod Hakimov, O‘zA