Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibayev Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.
Vazir uchrashuvda davlatlarimiz o‘rtasidagi ko‘ptomonlama hamkorlik qatorida sog‘liqni saqlash sohasida ham aloqalar tobora kengayib borayotganini ta’kidladi.
Bu borada tibbiyotning transplantatsiya, kardioxirurgiya, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy qilish kabi yo‘nalishlarda yanada rivojlanish imkoniyatlari mavjudligi e’tirof etildi.
Turkiya O‘zbekiston bilan farmatsevtika va tibbiy buyumlar ishlab chiqarishga investitsiyalar jalb etish, tibbiy ta’lim va ikki mamlakat mutaxassislarining o‘zaro tajriba almashishi kabi qator masalalarda yaqin sherik hisoblanadi.
Favqulodda va muxtor elchi Olgan Bekar ham o‘z navbatida, O‘zbekiston va Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasidagi o‘zaro tizimli va manfaatli hamkorlikning ahamiyatini e’tirof etib, O‘zbekiston Turkiya uchun qulay sog‘liqni saqlash infratuzilmasiga ega mamlakat ekani, hali hamkorlikning ochilmagan ufqlari mavjudligi, ayniqsa, tibbiyot sohasidagi tadbirkorlik muhiti turk ishbilarmonlarini o‘ziga jalb etayotganligini alohida ta’kidladi.
Sohaga davlat-xususiy sheriklik tizimining tatbiq etilishi aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishning samarali omili bo‘lib, Sog‘liqni saqlash vaziri bu borada xalqaro hamkorlikka har doim tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, vazir Sirdaryo viloyatida Guliston tibbiyot kolleji negizida Turkiya Sog‘lik bilimlari institutining tashkil etilayotgani ikki mamlakat uchun ham quvonarli hodisa ekanini aytib o‘tdi.
Uchrashuv yakunida A.Xadjibayev elchi O.Bekarga, u orqali Turkiya hukumatiga koronavirus pandemiyasining qiyin davrlaridagi beminnat hamkorligi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Shuningdek, tomonlar Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining videoanjuman shaklida o‘tadigan norasmiy sammitida davlatlarimiz rahbarlarining ishtiroki kutilayotgani, bu sammit ham o‘zaro hamkorlikning yangi istiqbollarini belgilab berishiga ishonch bildirdi.
Mohigul Qosimova, O‘zA