Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida Turkiy davlatlar Savdo-sanoat palatalari ittifoqi bosh kotibi Adem Kula boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati ma’lum qildi.
Ushbu muloqotda ikki tomonlama hamkorlik masalalari, yirik sanoat loyihalarida sheriklik imkoniyatlari hamda kelgusida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan qo‘shma tashabbuslar muhokama qilindi. Tomonlar, ayniqsa, tog‘-kon sanoati va geologiya sohasidagi istiqbolli yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratdi.
Uchrashuv chog‘ida delegatsiya tarkibidagi bir qator xorijiy kompaniyalar vakillari o‘z taqdimotlarini namoyish qildi. Ular O‘zbekistonda qimmatbaho mineral xomashyo qazib chiqarish sohasida mavjud salohiyat, amalga oshirilayotgan yirik investitsiyaviy loyihalar hamda mahalliy va xorijiy kompaniyalar o‘rtasidagi muvaffaqiyatli hamkorliklar bilan qiziqdi.
Qayd etilganidek, bu kabi uchrashuvlar xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda tog‘-kon sanoatini rivojlantirish, mineral xomashyo bazasini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalar joriy etish va xorijiy sarmoyadorlarni jalb etishga katta e’tibor qaratilmoqda. Mazkur muloqot ikki tomonlama manfaatli hamkorlikka keng yo‘l ochadi. Turkiy davlatlar Savdo-sanoat palatalari ittifoqi bilan qo‘shma loyihalar, ayniqsa, qazib olish va qayta ishlash sohasidagi tashabbuslar nafaqat iqtisodiy, balki ilmiy-texnik taraqqiyot nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega.
Tashrif doirasida Navoiy hamda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari rahbarlari va mutaxassislari bilan ham uchrashuvlar tashkil etilishi belgilandi. Tomonlar amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, o‘zaro tajriba almashish, yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni joriy etish masalalari bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar birgalikdagi sa’y-harakatlar ikki mamlakat, shuningdek, butun Turkiy davlatlar mintaqasi iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA