Munosabat
Ma’lumki, mushtarak tarix, umumiy til ildizlari, ma’naviy qadriyatlar va islom sivilizatsiyasiga xos an’analar O‘zbekiston va Turkiya xalqlarini asrlar osha bog‘lab kelmoqda. Qardoshlik va o‘zaro ishonchga asoslangan bu aloqalar bugungi kunda keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilib, siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda izchil rivojlanmoqda.
Joriy yil 29 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasiga amalga oshirgan navbatdagi rasmiy tashrifi ikki qardosh davlat o‘rtasidagi munosabatlar tarixida yangi, mazmunan yanada boy va strategik ahamiyatga ega bosqichni boshlab berdi.

Xususan, tashrif doirasida dastlab davlat rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvida va keyinchalik oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishida O‘zbekiston – Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Jumladan, siyosiy muloqotning jadal sur’atda rivojlanayotgani, xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ikki davlat pozitsiyalarining o‘xshashligi mamnuniyat bilan qayd etildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shu bilan birga, tashrif davomida erishilgan kelishuvlar iqtisodiy hamkorlikning mutlaqo yangi imkoniyatlarini ochib beradi. Shu bois, o‘zaro savdo hajmini amaldagi 3 milliard dollardan, kelgusi yillarda 5 milliard dollarga yetkazish vazifasi qat’iy belgilab olindi. Bu maqsadga erishishda Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida tovarlar ro‘yxatini kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni paytda Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar soni izchil oshib bormoqda. Qo‘shma korxonalarning umumiy soni 2,2 mingtadan oshgani, o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi qariyb 10 milliard dollarga yetgani hamkorlikning amaliy samarasini yaqqol ko‘rsatadi.
Endilikda, sanoat, konchilik, qishloq xo‘jaligi, bog‘dorchilik, maxsus iqtisodiy zonalarni rivojlantirish sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratiladi. Buning uchun yil oxiriga qadar O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan delegatsiyalar hamkor hududlar bilan loyihalar portfelini ishlab chiqishi belgilandi.
Shuningdek, mudofaa va xavfsizlik, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, migratsiya masalalarida hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha imzolangan hujjatlar zamonaviy tahdidlarga qarshi birgalikda kurashishga xizmat qiladi. Yadro xavfsizligi va radiatsion himoya sohasidagi hamkorlik esa xalqaro xavfsizlikni ta’minlashda muhim qadamdir.
Qolaversa, Hatay viloyatida “O‘zbekiston” turar joy majmuasining barpo etilishi hamda Istanbul shahrida o‘zbek maktabi qurilishiga start berilishi O‘zbekiston – Turkiya munosabatlarining faqat siyosiy yoki iqtisodiy manfaatlar bilan cheklanib qolmayotgani, balki insonparvarlik, hamjihatlik va ma’naviy yaqinlikka asoslanganini yaqqol namoyon etdi. Bu tashabbuslar qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni amaliy ishlar bilan mustahkamlayotganining yorqin dalilidir.
Qonunchilik palatasi deputati sifatida alohida ta’kidlash joizki, parlamentlararo aloqalarning faollashuvi O‘zbekiston – Turkiya munosabatlarining mustahkam poydevorlaridan biri hisoblanadi. Xususan, do‘stlik guruhlari doirasidagi muloqotlar, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonunchilik tashabbuslari ikki davlat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Umuman olganda, O‘zbekiston – Turkiya munosabatlaridagi bugungi yuksak bosqich nafaqat davlatlar o‘rtasidagi strategik manfaatlarni, balki har bir insonning farovon hayoti, barqaror kelajagi va munosib turmushini ta’minlashga qaratilgan hamkorlik namunasi sifatida ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Qolaversa, ushbu tashrifni nafaqat ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, balki mintaqa va xalqaro maydonda barqaror taraqqiyot, o‘zaro ishonch va hamjihatlikni kuchaytirish yo‘lida muhim qadam sifatida e’tirof etish mumkin.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Ekologiya va atrof-muhitni
muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA