Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Turkiya: olima ayollar ilmiy-amaliy seminari bo‘lib o‘tdi
16:34 / 2025-12-19

Buxoro innovatsiyalar universitetida O‘zbekiston va Turkiya hamkorligida “Akademiyada ayol” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning ochilishida “Umrboqiy meros” O‘zbekiston madaniyati va san’atini targ‘ib etish markazi direktori Lutfiya Mirzayeva, Istanbul universiteti professori, “Umay ona” Turk dunyosi ayollar birligi hamda Ayol akademiklar uyushmasi raisi, professor Mualla Uydu Yujel hamda  Buxoro innovatsiyalar universiteti rektori, professor Dilnoza Ro‘ziyeva so‘zga chiqib, ayollarning akademik muhitdagi o‘rni, xalqaro ilmiy hamkorlik va zamonaviy ta’limdagi dolzarb vazifalar haqida fikr bildirdi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi inson huquqlari bo‘yicha Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi vakili, professor Abera Huseynova, Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i, professor Hafiza Artikova, Toshkent amaliy fanlar universiteti dotsenti Ziyoda G‘afforova, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi “Tadbirkor ayollar klubi” raisi Mamlakat Sodiqova, Buxoro davlat pedagogika instituti professori Dildora Ahmedova hamda “Zumrad” nodavlat notijorat tashkiloti rahbari Zumrad Kenjayeva ma’ruza qildi. 

Ma’ruzalarda O‘zbekistonda ayol olimalarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi o‘rni, ayollarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, ilmiy faoliyatdagi muammolar va fuqarolik jamiyatidagi faollik masalalari keng yoritildi.

Shuningdek, seminarda Turkiyaning Istanbul va Galatasaroy universitetlari, qardosh yurtning Bilejik Shayx Edebali universiteti, Anqara Hoji Bayram Veli universiteti va Qirqareli universiteti professor-o‘qituvchilari – Aysel Ilgin, Ebru Zeren, Dilara Uslu, Mashkura Yilmaz, Kameliya Tekne hamda professor Mualla Uydu Yujel tomonidan Turkiyada ayol akademiklarning bugungi faolligi, ilmiy izlanishlari, xalqaro qiyosiy tahlillar, ayollar tadqiqot markazlari faoliyati, ilmiy adabiyotlar va ilm-fan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan ayol akademiklar faoliyati yuzasidan muhim xulosalar bildirildi. 

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.