Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Turkiya: mushtarak kelajak
20:37 / 2024-03-13

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganining 32-yilligi munosabati bilan Anqarada “O‘zbekiston – Turkiya: mushtarak kelajak” nomli hujjatli film taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbirda Turkiya tomonidan Prezident maslahatchisi Yolchin Topchu, Oila va ijtimoiy xizmatlar vaziri o‘rinbosari Yovuz Selim Kiran, Buyuk Millat Majlisi Milliy ta’lim, madaniyat, yoshlar va sport ishlari komissiyasi raisi Mehmet Ozer, shuningdek mamlakatimizning ushbu qardosh davlatdagi Favqulodda va muxtor elchisi Alisher A’zamxo‘jayev, Anqara talaba yoshlari va jamoatchiligi ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar o‘zaro diplomatik munosabatning joriy holatiga to‘xtalib, so‘nggi yillarda kuzatilgan hamkorlikning yuksak samaradorligini alohida ta’kidladilar. Yolchin Topchu Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Yangi O‘zbekiston”ni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni haqida gapirarkan, so‘nggi 5-yil ichida qardosh yurtga bir necha bor tashrif buyurish sharafiga muyassar bo‘lganini  qayd etdi.

– Yangi O‘zbekiston jadal rivojlanmoqda, – dedi Prezident maslahatchisi. – O‘zbekiston – Turkiya munosabati so‘nggi yillarda havas qilarli darajaga ko‘tarildi. Bu bir-biriga “birodar” deb murojaat qiladigan muhtaram prezidentlarimizning siyosiy irodasi, qalin do‘stligi tufaylidir.

– Siyosiy aloqalarimizga muvofiq, iqtisodiy hamkorlikni ham jadal rivojlantiryapmiz, – deydi Elchi Alisher A’zamxo‘jayev. – Yaqin bir necha yil ichida o‘zaro savdo miqdorini 5 milliard, o‘rta muddatli istiqbolda esa 10 milliard dollarga yetkazish uchun bor imkoniyatni ishga solamiz. Namoyish etilgan filmda umumiy tariximiz aks ettirilgan. Bizning munosabat boshqalar uchun namuna sifatida ko‘p qirrali strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildgan ham ulkan muvaffaqiyat. Umumiy kelajakni barpo etish asnosida Malatiyadan Buxoroga kelib, Movarounnahrda ma’rifat nurini tarqatgan Abdulxoliq G‘ijduvoniy  kabi ajdodlarimizni ulug‘lab, tariximizdan kuch olamiz. Bursaning Samarqandga tuhfasi – Qozizoda Rumiy va Samarqandning Istanbulga sovg‘asi – Ali Qushchi olimlar ulamolari hisoblanadi. Buxorolik o‘zbek onaning o‘g‘li, Turkiya davlat madhiyasi muallifi Mehmet Akif Ersoy bilan behad g‘ururlanamiz.

Yovuz Selim Kiran O‘zbekiston va Turkiyani ko‘plab madaniy, tarixiy va ma’naviy qadriyatlar bog‘lab turishi haqidagi fikrlari bilan bo‘lishdi.

– O‘zbekistonni eslaganimizda har birimizning qalbimizni o‘zgacha his-tuyg‘u chulg‘ab olishi bejiz emas, – deydi vazir o‘rinbosari. – Zero, Movarounnahrning qoq markazi – bugungi O‘zbekistonda teran ma’naviy ildizlarimizdan guvohlik beruvchi son-sanoqsiz madaniy yodgorliklar joylashgan. Turkiya Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan va Toshkentda elchixonasini ochgan.

Marosimning rasmiy qismidan so‘ng mehmonlarga “O‘zbekiston – Turkiya: mushtarak kelajak” hujjatli filmi namoyish qilindi. O‘zaro diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar munosabatlarga bag‘ishlangan, Turkiya telekanallarida namoyish etish rejalashtirilgan asarda Yangi O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, mamlakatimizning madaniyat va turizm salohiyati yoritilgan.

Aziza Alimova tayyorladi.

O‘zA