O‘zbekiston-Turkiya: hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov hamda Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanayotgani, bu, shubhasiz, davlatlarimiz rahbarlari asos solgan strategik hamkorlik mahsuli ekani ta’kidlandi. Bunda turk diplomatik korpusining ham xizmati beqiyosligi e’tirof etildi.

Mehmon qabul uchun minnatdorlik bildirib, uning O‘zbekistondagi diplomatik missiyasi yakuniga yetayotganini ma’lum qildi. Muloqot chog‘ida Turkiyaning birinchi prezidenti Mustafo Kamol Otaturk nomini Toshkent ko‘chalaridan biriga berish hamda Toshkent shahrida Turk bog‘ini tashkil etish bo‘yicha fikrlar bildirildi.
Uchrashuv yakunida taraflar o‘zaro muloqotni davom ettirish hamda har ikki davlat uchun manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA