Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida mamlakatimizga tashrif buyurgan Turkiyaning inson huquqlari va tenglik instituti raisi Muharrem Qilich boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Qo‘mita va Turkiyaning inson huquqlari va tenglik instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, mehmonlarni O‘zbekistonning millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik siyosati hamda milliy madaniy markazlar faoliyati to‘g‘risida fikr almashildi.
Uchrashuvda Qo‘mita raisi R.Qurbanov delegatsiya vakillariga Qo‘mita faoliyati, O‘zbekiston hukumati tomonidan milliy madaniy markazlar, respublikamizda istiqomat qilayotgan turli millat vakillariga yaratilgan sharoitlar hamda inson huquqlarini himoyalashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tdi. Jumladan, bugungi kunda O‘zbekistonning millatlararo munosabatlar siyosati va xorijiy mamlakatlardagi hamkor tashkilotlar, vatandoshlar jamiyatlari bilan do‘stlik aloqalarini mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tildi. Ayni paytda 152 ta milliy madaniy markazlar hamda O‘zbekistonning xorijiy davlatlar bilan 36 ta do‘stlik jamiyatlari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
M.Qilich ikki mamlakat tarixan til, din va madaniy mushtaraklikka egaligini, bugungi kunda O‘zbekiston – Turkiya siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm, transport, logistika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda hamkorlik munosabatlari dinamik tarzda rivojlanib boryotganligini ta’kidlandi. Bunda ikki mamlakat rahbarlarining doimiy muloqoti o‘zaro hurmat, do‘stlik va ishonchga asoslangan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash garovi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Uchrashuvda institut faoliyati hamda Turkiya delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi tafsilotlari haqida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, inson huquqlari, ularni turli kamsititishlardan himoya etish, jazoni o‘tash joylaridagi holatlarni o‘rganish natijasida ilmiy-amaliy tahlillarni amalga oshirish Turkiyaning inson huquqlari va tenglik instituti faoliyatining asosiy vazifalariga kirishini aytib o‘tdi. Tashrif avvalidayoq O‘zbekistondagi inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha faoliyat olib boruvchi tashkilotlar bilan yaqindan tanishish imkoni bo‘lganligi, xususan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan anglashuv memorandumi imzolandi.
Uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlik masalalari, xususan qo‘mita va institut o‘rtasida ilmiy aloqalarni kuchaytirish, tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish borasida fikr bildirdi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA