Shu kunlarda “O‘zbekgidroenergo” AJ rahbariyati xizmat safari bilan Turkiyada bo‘lib turibdi.
Ushbu safardan ko‘zlangan maqsad gidroenergetika sohasi bo‘yicha tomonlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va yangi loyihalarni tatbiq etishga qaratilgan.
Safar chog‘ida ikki tomon vakillari o‘rtasida bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Turkiya poytaxti Anqara shahridagi “DOLSAR Engineering” kompaniyasi bosh ofisida tashkil etilgan muzokara ulardan biridir.
Muloqot chog‘ida “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov va “DOLSAR Engineering” kompaniyasi boshqaruvi raisi Irfan Aker ikki mamlakat o‘rtasida ushbu yo‘nalishda birgalikda ishlash, tajriba almashish va loyihalarni tatbiq etish yaxshi natija berishini qayd etdi.
[gallery-17731]
O‘zaro uchrashuv natijalariga ko‘ra, ushbu kompaniyalar o‘rtasida umumiy qiymati 52 million dollarga teng 3 ta loyihani amalga oshirish yuzasidan shartnomalar imzolashga kelishildi.
Unga muvofiq, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Pskom daryosida “Toldiqsoy GES” va “Qorong‘ito‘qay GES” qurilishida TIAsini ishlab chiqish, Namangan viloyati Norin daryosida “Norin GES”lar kaskadi qurilishida PMS xizmatlari va Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Pskom daryosida “Pskom GES” loyihasining to‘g‘oni qurilishida PMS pudratchi xizmatlari bo‘yicha hamkorlikda ishlar bajariladi.
Xizmat safarining galdagi uchrashuvi “Özaltin Holding” kompaniyasi ofisida bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov va “Özaltin Holding” kompaniyasi bosh direktori Muzeffer O‘zdemir ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlik doirasida istiqbolli loyihalar ustida ishlash masalalarini muhokama qildi.
Tadbirda ikki tomonning ushbu yo‘nalishdagi istiqbolli loyihalari taqdim etildi.
Muloqot chog‘ida “Özaltin Holding” kompaniyasi bosh direktori Muzeffer O‘zdemir “Pskom GES” qurilishi doirasida to‘g‘on bunyod etishda (tender orqali) qatnashish istagini bildirdi.
O‘zbekiston-Turkiya biznes forumi doirasida “O‘zbekgidroenergo” AJ va “DOLSAR Engineering” kompaniyasi o‘rtasida Namangan viloyati Norin daryosida “Norin GES”lar kaskadi qurilishi loyihasida PMS xizmatlarini ko‘rsatish yuzasidan kelishuv bitimi imzolandi.
Shuningdek, “O‘zbekgidroenergo” AJ va “Özaltin Holding” kompaniyasi o‘rtasida ham o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolashga erishildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA