Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘ZBEKISTON-TURKIYA: Bojxona sohasidagi hamkorlikning yangi davri boshlandi
21:03 / 2022-07-12

Davlat bojxona qo‘mitasi raisi boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Turkiyada bo‘lib qaytdi

Xabaringiz bor, joriy yilning 29 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an ishtirokida Toshkent shahrida O‘zbekiston-Turkiya Strategik hamkorlik kengashining oliy darajadagi yig‘ilishida bojxona sohasida ham muhim kelishuv imzolandi.

Xususan, Davlat rahbarlari huzurida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov hamda Turkiya Respublikasi Savdo vaziri Mexmet Mush “Davlat chegaralari orqali tovarlar va transport vositalarining o‘tishi haqida oldindan axborot almashish  to‘g‘risida”gi bayonnomani imzolagan edi.

Mazkur kelishuvlarni amalga tadbiq etish hamda ikkala mamlakat o‘rtasida bojxona sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisi boshchiligidagi delegatsiya 2022 yil 4-6 iyul kunlari amaliy tashrif bilan Turkiya Respublikasida bo‘lib qaytdi.

Turkiya Respublikasi Savdo vaziri Mexmet Mush bilan uchrashuv

Uchrashuvda A.Mavlonov “O‘zbekiston va Turkiya chegaralari orqali harakatlanayotgan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risida oldindan ma’lumot almashish” bo‘yicha imzolangan Bayonnomani 2023 yilda to‘liq ishga tushirish uchun bor kuch va imkoniyatlar safarbar etilishini ma’lum qildi. 

Mehmonni Turkiyaga tashrifi bilan qutlar ekan, Mexmet Mush O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida o‘zaro savdo aylanmasini yanada oshirish uchun barcha yo‘nalishlarda, xususan bojxona sohasida izchil hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

O‘zbekiston va Turkiya chegaralari orqali harakatlanayotgan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risida oldindan ma’lumot almashishni to‘laqonli yo‘lga qo‘yish uchun tegishli mas’ullarga ko‘rsatmalar berdi. 

Shuningdek, Turkiyada bojxona postlarini qurishda boy tajribaga ega GTI kompaniyasi vakillarining O‘zbekistonga tashrifini uyushtirish taklifini qo‘llab-quvvatladi. 

O‘zbekiston-Turkiya qo‘shma bojxona kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Tashrifning asosiy tadbiri O‘zbekiston va Turkiya bojxona xizmatlari rahbarlari ishtirokida Qo‘shma bojxona kengashining 2-yig‘ilishi bo‘ldi.

DBQ raisi Akmalxo‘ja Mavlonov hamda Turkiya Respublikasi Savdo vaziri o‘rinbosari – Bojxona xizmati rahbari Riza Tuna Turag‘ay ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari va dolzarb vazifalar atroflicha muhokama qilindi.

- Hozirgi davrda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Bunga Prezidentlarimiz, muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev va Rejeb Tayyip Erdo‘g‘an janobi oliylarining siyosiy irodasi va do‘stona munosabatlari muhim asos bo‘lmoqda, - dedi Akmalxo‘ja Mavlonov. - Joriy yilning o‘tgan davriga nazar tashlasak, O‘zbekiston va Turkiya o‘zaro tashqi savdo aylanmasi 1,6 mlrd. AQSH dollariga oshdi. 2021 yilda bu ko‘rsatkich 1,55 mlrd. AQSH dollarini tashkil etgan edi.

Uchrashuvda ta’kidlanishicha, ikkala mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning shiddat bilan rivojlanishi bojxona sohasidagi munosabatlarga ham o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.

Bojxona postlarini buyond etishda davlat-xususiy sherikchiligini yo‘lga qo‘yish, bojxonani raqamlashtirish va uni korrupsiyadan holi tizimga aylantirish, xodimlarni boshqarish va ish samaradorligini baholash (KPI), kontrabanda va bojxona qonun buzilishiga qarshi kurashish kabi yo‘nalishlarda Turkiya tajribasi har jihatdan o‘rganishga va o‘zlashtirishga munosibligi qayd etildi. 

DBQ raisi mamlakatlarimiz o‘rtasida vakolatli iqtisodiy operatorlarni o‘zaro tan olish taklifini ilgari surdi. Ta’kidlanishicha, hozirda O‘zbekistonda 50 ta vakolatli iqtisodiy operator mavjud bo‘lib, ular tomonidan 2021 yilda 772 mln. AQSH dollari qiymatidagi tovarlarning eksporti va importi amalga oshirilgan. 

Yuqoridagi taklif amalga oshsa, ikki mamlakatning vakolatli iqtisodiy operatorlari uchun yanada ko‘proq qulayliklar yaratilgan bo‘lar edi. 

Turkiyadagi vakolatli bojxona brokerlari instituti mavjud bo‘lib, oddiy brokerlardan farqli o‘laroq bojxona idoralariga yuklatilgan funksiyalarning ba’zilarini bajarish uchun  vakolatga ega. Ular asosan bojxona omborlarida yuk operatsiyalarini amalga oshirishda nazoratchi sifatida ishtirok etadilar.

Shuningdek, DBQ raisi Toshkentga qaytgach Turkiya bilan o‘zaro hamkorlikni amalga oshirayotgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bilan alohida uchrashuv tashkil qilishini, ularni o‘ylantirayotgan muammo va takliflarni o‘rganib chiqishini  ma’lum qildi.

Bojxona xizmatlari o‘rtasida so‘rovnoma-ma’lumot almashinuv ishlarini jadallashtirish masalasi ham yig‘ilishda qizg‘in muhokama qilindi. 

Uchrashuvda Turkiyalik bojxonachilar “Bilge” va “Tareks” bojxona axborot tizimlari bo‘yicha taqdimotlarni amalga oshirishdi, sohani raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar berishdi.

Mazkur axborot tizimiga 60 ga yaqin modullar ulangan bo‘lib, eksport, import, tranzit va elektron tijorat jarayonlarining barchasi mazkur tizim orqali boshqariladi. Buning uchun mamlakatdagi tegishli vazirlik va idoralar, logistika markazlariga o‘zaro integratsiya qilingan. 

Yig‘ilish yakunida “Tashqi savdo statistikasi sohasida metodologik va axboriy hamkorlik qilish” to‘g‘risidagi Bayonnoma hamda ikkala mamlakat bojxona laboratoriyalari o‘rtasida hamkorlikning huquqiy asosini yaratish maqsadida Memorandum imzolandi.

Kargo operatsiyalari bojxona posti faoliyati bilan tanishuv

Tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Istanbul shahridagi Eksperess yuklarni rasmiylashtirishga mo‘ljallangan Kargo operatsiyalari bojxona posti faoliyati bilan tanishdi.

Mazkur postda havo yo‘llari orqali Istanbulga kirib kelayotgan va chiqib ketayotgan yuklar bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkaziladi.

Asosiy bojxona nazorati jarayonlari postga biriktirilgan 7 ta yirik kargo omborlarida amalga oshiriladi. Asosiy yirik omborlari Turkiya havo yo‘llari, DHL, UPS, FedEX va boshqa ekspress yuklarni tashuvchi tashkilotlarning omborlariga to‘g‘ri keladi.

Masalan, DHL kargo markazi Germaniyaning DHL kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, eng so‘ngi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Hozirda 1 kunda ushbu markaz orqali 2000 dan ortiq ekspress jo‘natma rasmiylashtiruvdan o‘tkaziladi.

Kargo markazi 24/7 rejimida faoliyat yuritadi. Kuning yorug‘ vaqtida (18:00 ga qadar) import yuklar, kuning tungi vaqtida eksport yuklar rasmiylashtiruvi amalga oshiriladi.

Kargo markazi binosida 5 qavatli stelajli yuklarni saqlash joylaridan iborat bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 36000 ta jo‘natmani saqlash imkoniyatiga ega. Jo‘natmalarni stelajlarga joylashtirish 25 ta robot tomonidan amalga oshiriladi.

Nazorat markazi - barchasi kaftdek namoyon!

Tashrifning navbatdagi manzili Turkiya savdo vazirligi bojxona xizmati tarkibidagi Muhofaza boshqarmasining nazorat markazi bo‘ldi.Kecha-yu kunduz faoliyat yuritadigan mazkur markaz 2013 yilda tashkil qilingan bo‘lib, bu yerda inspeksion ko‘rik majmualaridan olingan nazorat-rentgen tasvirlarini masofadan tahlil qilish,  yo‘lovchilar profaylingi va xavflarni baholash, GPS monitoring, videokuzatuv tizimlaridan olingan tasvirlar tahlili, radiatsiya nazorati kabi yo‘nalishlarda ish tashkil qilingan. 

Markaz faoliyati bilan tanishuv davomida  raqamlashtirish bo‘yicha qo‘llanilgan ilg‘or tajribani o‘rganish va o‘zlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, markaz mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb etib, kelgusida Toshkentda ishga tushiriladigan tezkor tahlil markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda tajriba almashish bo‘yicha kelishib olindi.

Anqara logistika markazi - zamonaviy yuk tashishning ilg‘or namunasi!

Delegatsiyasi vakillari Anqara logistika markazi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Ta’kidlash joizki, Turkiyada logistika sohasi turizmdan keyingi eng katta salohiyatga ega bo‘lgan ikkinchi soha hisoblanadi. Turkiya Sharq va G‘arbni bog‘laydigan strategik joyda joylashgan.

Bunday markazlarning tashkil etilishi yuk tashish xarajatlari va vaqtini tejashga, sifat va xizmat ko‘rsatilayotgan tarmoqlarning ta’minot zanjirini mustahkamlash orqali qo‘shilgan qiymatni oshirishga va harakat intensivligini kamaytirishga bevosita xizmat ko‘rsatadi.

Bojxona laboratoriyalari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatildi

Delegatsiya Anqara logistika markazidagi Kriminalistika laboratoriyasi va Markaziy bojxona laboratoriyaci faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Boisi xalqaro savdo talablari o‘zgarayotgan bir davrda hamda oziq-ovqat mahsulotlari importi xavfsizligini ta’minlash zaruratidan kelib chiqib, yangi turdagi ekspertiza, ularni amalga oshirish uchun zamonaviy texnik vositalar bilan yaqindan tanishish muhim ahamiyat kasb etadi.

Kriminalistika laboratoriyasi nafaqat bojxona, balki huquqni muhofaza qiluvchi barcha idoralar tomonidan aniqlangan giyohvandlik moddalari, psixotrop, sun’iy narkotik va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning ekspertizasini amalga oshiradi.

Markaziy bojxona laboratoriyasida esa oziq ovqat, neft, tekstil, polimer (plastmassa) mahsulotlari, metall buyumlar tekshiruvi amalga oshiriladi. Ekspertiza xulosalari maxsus “Lara” dasturida qayd etib boriladi. 

Tashrif davomida bojxona ekspertizasi sohasida ilmiy hamkorlik, malaka va tajriba almashish, bojxona ekspertizasi usullari va texnologiyalari bo‘yicha ma’lumot almashinuviga kelishib olindi.

Bir so‘z bilan aytganda, Turkiyaga amalga oshiilrgan ishchi tashrif ikkala mamlakat bojxona xizmatlari o‘rtasida aniq amaliy hamkorlikning yangi davrini boshlab beradi.  Bunda esa tashrif davomida imzolangan ikki tomonlama kelishuvlar muhim huquqiy asos vazifasini bajaradi.

 

Husan Tangriyev, 

Davlat bojxona qo‘mitasi

raisi matbuot kotibi v.b.

O‘zA