Buxoro davlat tibbiyot instituti – Turkiya fakulteti bitiruvchilariga tantanali diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda bitiruvchilar, ustozlar, ota-onalar va mehmonlar quvonch va hayajonga to‘la lahzalarni birgalikda his qildi. Yillar davomida orttirilgan bilim va tajribalar o‘z samarasini berayotgan ushbu muhim on yoshlar uchun yangi marralar sari qo‘yilgan dadil qadam bo‘lib xizmat qildi.
Tadbirda Turkiya parlamenti vakillari bilan birga viloyat hokimi Botir Zaripov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuritdinjon Ismoilov, Sog‘liq bilimlari universiteti rektori, professor Kemalittin Aydin bitiruvchilarga samimiy tilaklar bildirdi.
Davlat rahbarining tashabbusi bilan Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida Turkiyaning Sog‘liq bilimlari universiteti hamkorligida Turkiya tibbiyot fakulteti tashkil etilgandi. Fakultetning ta’sis etilishi 2018 yil 22 noyabrda imzolangan anglashuv memorandumi va 2019 yil 16 oktyabrda rasmiylashtirilgan shartnoma bilan huquqiy asosga ega bo‘ldi.
[gallery-26562]
Shundan so‘ng, 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab fakultetga to‘rt yo‘nalish – davolash ishi, oliy hamshiralik ishi (anesteziologiya), shoshilinch tibbiy yordam va fizioterapiya bo‘yicha o‘quv jarayoni yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda Turkiya tibbiyot fakulteti 593 nafar talabani qamrab olgan bo‘lib, ularning 368 nafari davolash ishi yo‘nalishida tahsil olmoqda. Fakultet imkoniyatlarining yanada kengayish natijasida 2025-2026 o‘quv yilida yangi “Stomatologiya” yo‘nalishi ochildi.
Bugungi kungacha fakultetni oliy hamshiralik ishi yo‘nalishini 235 nafar, davolash ishi yo‘nalishini 68 nafar bitiruvchi tugatgan bo‘lib, ularning barchasi hozirda o‘z ish o‘rniga ega. Fakultetga alohida bino ajratilgan bo‘lib, o‘quv mashg‘ulotlari ushbu bino, institut kafedralari va klinik bazalarda olib boriladi.
Amaliy darslar zamonaviy multimedia texnologiyalari, makro va mikropreparatlardan foydalangan holda tashkil etilib, har bir mashg‘ulot interaktiv usullarda talabalarning faol ishtiroki bilan o‘tkaziladi. Davolash ishi yo‘nalishi talabalari 6-kursda Turkiyaning Sog‘liq bilimlari universiteti klinikalarida tahsil oladi.
Ushbu natijalar loyihaning amaliy samaradorligini yana bir bor tasdiqlab, Buxoro viloyatida malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlashni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Shu tariqa, Turkiya tibbiyot fakulteti faoliyati O‘zbekiston – Turkiya ta’lim va tibbiyot hamkorligining mustahkam amaliy ifodasi sifatida xizmat qilmoqda.
2025 yilda 68 nafar talaba davolash ishi yo‘nalishi bo‘yicha, 62 nafar talaba oliy hamshiralik ishi yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishni muvaffaqiyatli yakunladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.