Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Turkiya: bitiruvchilarga diplom topshirildi
14:22 / 2023-06-17

Buxoro davlat tibbiyot institutining Turkiya tibbiyoti fakulteti bitiruvchi talabalariga diplomlar topshirildi.

Marosimda Turkiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar, Sog‘liq bilimlari universiteti rektori Doktor Javdat Erdol, Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev, Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev, professor-o‘qituvchilar va bitiruvchilarning ota-onalari qatnashdi.  

Buxoroda Turkiyaning Sog‘liq bilimlari universiteti Tibbiyot fakulteti va Malakali tibbiy xizmatlar Oliy maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. 2019 yilda ikkala davlat sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasida tuzilgan anglashuv memorandumiga asosan, Istanbuldagi Sog‘liq bilimlari universitetining fakultetini Buxoroda ochish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan edi.

Keyinchalik mazkur oliy ta’lim muassasasi rektori Javdat Erdol O‘zbekistonda bo‘lib, qator kelishuvlar bilan birgalikda Buxoro davlat tibbiyot instituti bazasida Sog‘liq bilimlari universitetining Ibn Sino nomidagi tibbiyot fakulteti hamda hamshiralarni tayyorlash bo‘yicha Malakali tibbiy xizmatlar Oliy maktabini ochish yuzasidan bitimga erishgan edi. Bu bitimlar har ikki davlat rahbarlari darajasida qo‘llab – quvvatlandi.

Bugungi kunda Istanbul shahridagi mazkur universitet bilan Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. O‘zaro kelishuvga ko‘ra, har yili buxorolik mutaxassislar ushbu universitetda imtiyozli tarzda malaka oshiradi.

Sog‘liq bilimlari universiteti tibbiyot sohasida malakali kadrlar tayyorlash borasida dunyoning yetakchi o‘quv muassasalaridan sanaladi. Uning mamlakat turli hududlarida 16 filiali faoliyat yuritmoqda. Universitet tibbiyot sohasida malakali kadrlar tayyorlashda boy tajribaga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni Saqlash vazirligi, Buxoro davlat tibbiyot instituti hamda Sog‘liq bilimlari universiteti o‘rtasidagi kelishuvga asosan 2019 yilda Malakali tibbiy xizmatlar Oliy maktabiga talabalar qabuli uchun imtihon tashkil etildi hamda belgilangan kvotaga asosan 80 nafar talaba Anesteziologiya, Birinchi shoshilinch yordam, fizioterapiya yo‘nalishlarida o‘qishga tavsiya qilingan edi.

– Bugun hayotimda unutilmas kun, – deydi Birinchi shoshilinch yordam yo‘nalishida o‘qigan  bitiruvchi Dilso‘z Jalilova. –Juda xursandman. Orzuim ushaldi. Shifokorlik diplomini qo‘lga kirityapmiz. Nasib qilsa, tibbiyot sohasidagi zamonaviy bilimlarni egallab, xalqimiz salomatligini muhofaza etishdek xayrli ishda kuch – g‘ayratimni ayamayman.

[gallery-12381]

Shuningdek, tadbir doirasida Buxoro davlat tibbiyot instituti Sog‘liq bilimlari universiteti bilan amalga oshirilayotgan jarayonlarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida anglashiluv memorandumi imzolashdi. Shuningdek, Javdat Erdol Buxoro davlat tibbiyot institutiga Turkiyada nashr etilgan sohaga doir noyob kitoblarni taqdim etdi.

Zarif Komilov,

Tohirjon Istatov (surat), O‘zA