Geosiyosiy keskinlik taranglashgan, axborot tahdidlari va kuch markazlarining ta’siri oshib borayotgan bugungi tahlikali sharoitda turkiy ellarning siyosiy nuqtai nazarini yagona, yaxlit maxrajga keltirish, har qanday xavf-xatar oldida bir musht bo‘lib birlasha olish hissini umumturkiy manfaatlarimizga uyg‘un ravishda kuchaytirib borish nihoyatda muhim sanaladi.
Turkiy xalqlarning elsevarlik ruhiyati, bir ildizdan o‘sib chiqqanlik g‘oyasi, umumtarix, mushtarak qadriyatlar, umumiy dunyoqarash, turkiy dunyo yoshlari tafakkurining tarixiy ildizlariga uyg‘un bo‘lishi masalalari uyg‘oq ruhli siyosat arboblarini doimo o‘ylantirib kelmoqda.
Shu jihatdan davlatimiz rahbari Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ning barcha oliy darajadagi yig‘inlarida ijtimoiy, madaniy, gumanitar sohada - turkiy tarix, mushtarak yozma meros, buyuk ajdodlarimiz faoliyati targ‘iboti bilan bog‘liq o‘nlab tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda. Chunonchi, yaqinda 7 oktyabr kuni TDT Davlat rahbarlari kengashining Gabala shahrida o‘tgan yig‘ilishida yurtboshimiz 2025-2026 yillarda mamlakatimiz 100 dan ortiq ta’lim muassasalarini birlashtirgan Turkiy universitetlar ittifoqiga raislik qilishini hamda O‘zbekiston raislik davrida "Turkiy ilm-fan va innovatsiyalar kunlari"ni o‘tkazish yuzasidan takliflarini berdilar.
Ana shu tashabbusning amaliy ifodasi sifatida 16 oktyabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Turkiy davlatlar tashkiloti, Toshkent xalqaro universiteti hamda O‘zbekiston milliy media birlashmasi bilan hamkorlikda “Alp Er To‘nga avlodlari – Qoraxoniylar: Turkiy dunyo va Islom olami Qoraxoniylar davrida” mavusidagi xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.
Turkiy uluslar va ularning davlatchiligi takomilida Qoraxoniylar davlati favqulodda muhim o‘rin tutadi. Bu sulola hukmronligi Turon tuproqlarida dastlab VIII yuz yillikning 40 yillaridan boshlab Turk xoqonligining uzviy davomi o‘laroq Qarluq davlati sifatida keyinchalik, qarluq, chigil, yag‘mo qabilalari singari o‘nlab turkiy urug‘larni birlashtirgan, markazlashgan turkiy saltanatni barpo etib, o‘zlarini “Qoraxon” - ya’ni “Buyuk xon” deb atashgan.
Ularning hukmronligi IX–XIII asrlar mobaynida Sharqdagi uyg‘onish – birinchi renessans davriga to‘g‘ri kelib, unda davlat boshqaruvi, mafkura, din, xalqaro munosabatlar, me’morchilik, shaharsozlik, ilm-fan va ta’lim rivojlangan. Ayniqsa, turkiy til yuksak maqomga ko‘tarildi. Yusuf Xos Hojib, Mahmud Koshg‘ariy, Ahmad Yassaviy, Ahmad Yugnakiy kabi buyuk allomalar o‘lmas asarlar yaratdi. Qoraxoniylar davrida amalda bo‘lgan “xoqoniya turkiysi” adabiy tili barcha turkiy xalqlar uchun birlashtiruvchi til vazifasini o‘tab berdi; keyingi davr turkiy tillarining rivojida yuksalish nuqtasi bo‘lib xizmat qildi.
Shu nuqtai nazardan, bu davr barcha turkiy ellarning turkshunoslari uchun umumiy tarix, mushtarak yozma meros, turkiy islom dunyoqarashini o‘rganish borasida bitmas-tuganmas, adog‘siz manba bo‘lib xizmat qiladi.
Anjuman ishida TDT bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev, Turkiy akademiya prezidenti Shahin Mustafayev singari martabali mehmonlar qatnashib, ulug‘vor turkiy davlatchilik tarixining teran ildizlarini chuqurroq anglash va ilmiy asosda to‘laqonli o‘rganish bugungi turkologiyaning ehtiyoji hamda ilmiy zarurati ekanligini qayd etishdi.
Ilmiy yig‘inda qoraxoniylar davri tarixi, tili, adabiyoti, davlat boshqaruvi, siyosati, mafkurasi bo‘yicha 100 ga yaqin yurtimiz va xorijlik yetakchi bilim kishilari - turkshunoslar o‘z chiqishlari bilan qatnashdi.
Ular qoraxoniylar davri tarixi, davlatchiligi va boshqaruvi, qoraxoniylar davrida ilm-fan, madaniyat, qoraxoniylar davrida til va adabiyot, turkiy islom madaniyatining yuzaga kelishida qoraxoniylarning o‘rni hamda Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarini o‘rganishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan kengashlarda so‘nggi yillarda qo‘lga kiritgan yangi ilmiy natijalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Qoraxoniylar davlati o‘z tarixini ulug‘ xoqon Alp Er To‘nga bilan bog‘lagan, o‘zlarini «Oli Afrosiyob» («Alp Er To‘nga oilasi») deb ataganlar. Ana shuni ko‘zda tutib, anjuman doirasida qoraxoniylar davri tarixi va madaniy merosni ommalashtirish orqali turkiy davlatlardan sayyohlarni jalb qilish hamda u bilan bog‘liq maskanlarni “Tabarruk ziyorat” loyihasiga qo‘shish maqsadida “Tabarruk ziyorat loyihasini rivojlantirish va Alp Er To‘nga” mavzusida davra suhbati ham tashkil etildi. Unda turizm sohasi vakillari ishtirok etdi.
Anjuman maqsadlaridan kelib chiqib yakunda quyidagi vazifalar ustuvor etib belgilandi:
Qoraxoniylar davri umumiy tarix, mushtarak yozma meros, turkiy davlatchilik o‘tmishini tadqiq etish yo‘nalishida TDTga kirgan mamlakatlarning turkshunoslari uchun ustuvor tadqiqot mavzulari sifatida belilgilandi.
Alp Er To‘nga (Afrosiyob) avlodlari Qoraxoniylar: “Turkiy dunyo va Islom olami Qoraxoniylar davrida” mavzuisidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanning turkiy o‘zlikni shakllantirishdagi ahamiyatidan kelib chiqib uni har ikki yilda bir marotaba an’anaviy ravishda o‘tkazib borishga kelishib olindi.
Qoraxoniylar davri tarixi, davlatchiligi, boshqaruvi, ilm-fani, madaniyati, til va adabiyoti, yozma yodgorliklarini tadqiq etish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib hamkorlikda ilmiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tuzildi, uning Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida faoliyat yuritishi ma’qullandi.
Ulug‘vor turkiy davlatchilik tarixining teran ildizlarini chuqurroq anglash va ilmiy asosda to‘laqonli o‘rganish ehtiyojidan kelib chiqib kelgusida Turon-Turkiston davlatchiligini yuksaltirgan turkiylarning yovqur o‘g‘loni, buyuk davlat arbobi, siyosiy iqtidor egasi Alp Er To‘nganing faoliyati va amalga oshirgan ishlari masalalariga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazish taklifi ilgari surildi.
Anjuman doirasida o‘tkazilgan Alp Er To‘nga shaxsiyati va faoliyatiga bag‘ishlangan soha bo‘yicha yetakchi mutaxassislarning davra suhbati natijalariga ko‘ra Alp Er To‘nga timsolini mintaqaning turizm brendiga aylantirish hamda Buxoro shahrida unga atalgan yozuv lavhasi (bitig tosh) o‘rnatish yuzasidan TDT kotibiyati tavsiyasiga ko‘ra TDSHU olimlari va O‘zR FA mutaxassislari hamkorlikda yaratgan matn tavsiya etildi.
Umuman, bu kabi ilmiy yig‘inlarning Toshkentda o‘tkazilayotgani O‘zbekistonning dunyo turkologiyasi markazlaridan biriga aylanib borayotganini, madaniy-ma’rifiy yo‘nalishlar, turkiy tillarni o‘qitish, yozma meros va qadimgi qo‘lyozmalarni tizimli o‘rganish, ularni ilmiy muomalaga kiritish, ilmiy sharhlangan tarjimalarni tayyorlash sohalari bo‘yicha mamlakatimiz turkiy davlatlar orasida yetakchilik maqomida ekanligini ko‘rsatadi. Shuningdek, o‘tmish ajdodlarimizning turkiy ellarni yuksaltirishdagi qahramonliklari orqali turkiy zaminga muhabbatni oshirish, turkiy ildiz birligi g‘oyasini ilgari surish, elu yurtga sodiqlik, umuman, tarixga yangicha qarash konsepsiyasi asosida mafkuraviy birlikni targ‘ib etish imkonini yaratadi.
Qudratulla OMONOV,
Toshkent davlat sharqshunoslik
universiteti birinchi prorektori, prof.