O‘zbekiston deganda jahon hamjamiyati ko‘z o‘ngida nafaqat Buyuk ipak yo‘lining tarixiy gavhari, balki jadal islohotlar va ochiqlik siyosati tufayli yangicha qiyofa kasb etayotgan zamonaviy mamlakat gavdalanmoqda.
Mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish borasida olib borilayotgan tizimli islohotlar bugun o‘z mevasini bera boshladi. O‘zbekiston fuqarolari endilikda jahonning ko‘plab mamlakatiga vizasiz yoki viza olishning soddalashtirilgan tartibi asosida sayohat qilish imkoniga ega bo‘ldi. Bu yurtimizda olib borilayotgan tinchliksevar va do‘stona tashqi siyosatning, mamlakatimizdagi barqarorlik va ochiqlikka bo‘lgan xalqaro ishonchning amaliy ifodasidir.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy tashabbusi bilan turizm sohasi milliy iqtisodiyotning strategik yo‘nalishi sifatida belgilanishi sohada tub burilish yasadi. Ilgari turizm deganda faqat tarixiy obidalarni tomosha qilish tushunilgan bo‘lsa, bugungi kunda bu soha zamon talablariga mos ravishda ziyorat turizmi, ekoturizm, etnoturizm, tibbiyot va gastronomik turizm kabi ko‘plab yo‘nalishlarni qamrab oldi.
Prezidentimiznig “O‘zbekiston — dunyo uchun ochiq” tamoyili asosida qabul qilgan tarixiy qarorlari natijasida 90 dan ortiq davlat fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etilgani mamlakatimizni Markaziy Osiyodagi eng yirik sayyohlik xabiga aylantirdi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra yurtimizga kelgan xorijiy sayyohlar sonining 11 milliondan oshishi bu siyosatning qanchalik to‘g‘ri ekanini isbotlab turibdi. O‘zbekiston turizmining asosiy ustunlari bo‘lmish Samarqand, Buxoro va Xorazm bugun dunyo sayyohlari uchun mo‘’jizalar makoniga aylangan.
"Yer yuzining sayqali" bo‘lmish Samarqandda Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan "Ipak yo‘li" xalqaro turizm markazi va undagi "Boqiy shahar" majmuasi mintaqadagi eng yirik kongress-xoll va dam olish maskani sifatida e’tirof etilmoqda. Bugun Samarqand nafaqat tarixiy obidalari, balki yirik xalqaro sammitlar mezboni, dunyo siyosati va turizmi shakllanadigan muhim maydonga aylandi.
Buxoroi sharifda esa ziyorat turizmi va hunarmandchilik an’analari yangicha mazmun bilan boyitilmoqda. Tarixiy markazning asl qiyofasini saqlagan holda zamonaviy servis infratuzilmasining yaratilishi sayyohlarning bu yerda qolish muddatini ikki barobarga oshirdi. Qadimiy Xorazmning "Ochiq osmon ostidagi muzey"i — Ichan qal’a esa dunyoning eng yaxshi turizm qishloqlari va shaharlari ro‘yxatidan mustahkam o‘rin oldi. Xorazmda turizmni rivojlantirish orqali hududning iqtisodiy salohiyati yangi bosqichga chiqib, milliy qadriyatlarimizni jahonga ko‘z-ko‘z qilish imkoniyati kengaydi.
Aslida, turizmning rivojlanishi shunchaki raqamlarning o‘sishi emas, balki xalqimiz farovonligining oshishi demakdir. Bugun eng chekka hududlarda ham mehmon uylarining tashkil etilishi, milliy hunarmandchilikning qayta tiklanishi minglab yangi ish o‘rinlarini yaratmoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bitta sayyohning kelishi o‘nlab sohalarning, jumladan, transport, servis, oziq-ovqat sanoati va madaniyat markazlarining ishlashiga turtki beradi. Samarqand, Buxoro va Xorazmning turizm salohiyati bugun jahonning eng nufuzli nashrlari e’tiborida bo‘lib, bu qadimiy kentlar Yangi O‘zbekistonning xalqaro nufuzini oshirishda asosiy lokomotiv vazifasini o‘tamoqda.
O‘zbekiston fuqarolarining chet elga sayohat qilish imkoniyatlari kengayotgani ham davlatning o‘z xalqiga bo‘lgan g‘amxo‘rligi natijasidir. Xorijiy davlatlar bilan imzolanayotgan kelishuvlar, havo yo‘llarining liberallashtirilishi va yangi aviakompaniyalarning kirib kelishi natijasida o‘zbekistonliklar uchun dunyo eshiklari keng ochilmoqda. Bu esa yoshlarimizning dunyoqarashi kengayishiga, xalqaro tajriba o‘rganishiga va pirovard natijada yurtimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shishiga xizmat qiladi. Mamlakatimiz pasportining ko‘plab davlatda erkin qabul qilinishi — bu davlatimizning xalqaro maydondagi muvaffaqiyatli diplomatiyasi va ichki islohotlarning uyg‘unligi natijasidir.
O‘zbekistonda turizmning yangi davri boshlandi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan va sohani yangi bosqichga olib chiqqan tashabbuslar nafaqat mamlakatimizni iqtisodiy jihatdan yuksaltirmoqda, balki Yangi O‘zbekistonning dunyodagi eng xavfsiz, mehmondo‘st va jozibador manzil ekanini yana bir bor tasdiqlamoqda. Samarqandning ulug‘vorligi, Buxoroning fayzi va Xorazmning sirli tarixi bilan dunyoni maftun etayotgan O‘zbekiston uchun kuplab davlat bilan o‘rnatilgan soddalashtirilgan viza tartibi — bu hali boshlanishi. Kelajakda O‘zbekiston pasporti dunyoning istalgan nuqtasida hurmat va ishonch bilan qarshi olinadigan, yurtimiz esa millionlab insonlar orzu qiladigan jahon sayyohlik markaziga aylanadi. Biz bugun nafaqat tariximiz, balki kelajak sari tashlayotgan mana shunday dadil va ochiq qadamlarimiz bilan ham dunyoni hayratga solishda davom etamiz.
Alouddin G‘afforov,
O‘zA