Bugun Polshaning “PTAK Warsaw Expo” markazida Yevropa interer sanoatining yirik tadbiri – “Warsaw Home & Contract 2025” xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.
Ushbu ko‘rgazma Yevropa interer sanoatining eng nufuzli tadbirlaridan biri hisoblanadi. Tadbir 125 000 m² maydonni qamrab olgan bo‘lib, unda ko‘plab davlatlar ishlab chiqaruvchilari o‘z imkoniyatlarini namoyish etmoqda.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi Xalqaro brendlarni jalb qilish bo‘limi boshlig‘i Abdulaziz Abdurahimov qayd etganidek, mazkur tadbirda mahalliy to‘qimachilik kompaniyalari hukumatning qo‘llab-quvvatlashi tufayli o‘z mahsulotlarini taqdim etyapti.

–Tadbirning ilk kuniyoq o‘zbek paviloni xorijiy xaridorlar va dizaynerlar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi. Mahalliy kompaniyalar mahsulot sifati va zamonaviy dizayn yechimlari bilan ishtirokchilar e’tiborini qozonmoqda. Ta’kidlash joiz, bu kabi ko‘rgazmalar O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatiga xorijiy sarmoyalarni jalb qilish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va sohadagi xalqaro hamkorlikni kengaytirishda muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, korxonalarimizning eksport salohiyatini oshirish va “Made in Uzbekistan” brendini jahon bozorida namoyish etishda qulay fursatdir, – dedi A.Abdurahimov.
Tadbir doirasida tomonlar o‘rtasida hamkorlik uchrashuvlari va muzokaralar o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ko‘rgazma 25 oktyabr kuni o‘zini yakunlaydi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA